O’TMISHNI KELAJAKKA BOG’LOVCHI YO’LAK

Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika unversiteti Sirtqi bo’lim Ijtimoiy-gumanitar fanlarda masofaviy ta’lim kafedrasi o’qituvchisi Abdullayev Shaxobiddin Norqo’zi o’g’li

Annontatsiya:ushbu maqolada bizni tariximizni kelajak avlod uchun tanishtirishda muhim omil bo’lgan muzeylarning tashkil etilishi va ularning faoliyati haqida ma’lumotlar berib o’tiladi. Shuningdek, O’zbekistonda mustaqillikdan keyin tashkil etilgan tashkil etilgan muzeylar va ularning faoliyati bilan bog’liq jarayonlarga to’xtalib o’tamiz.

Abstract: this article provides information about the organization and activities of museums, which are an important factor in introducing our history to future generations. We will also dwell on the processes related to the established museums established in Uzbekistan after independence and their activities.

Kalit so’zlar: eksponatlar muzalar, Nineviya, o’lkashunoslik, gidrometerologiya, , Lukull, Pompei, Sezar, Oʻzbekiston tarixi muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Oʻzbekiston sanʼat muzeyi,Oʻzbekmuzey, International Council of Museums-Xalqaro muzeylar kengashi.Key words: exhibits, muses, Nineveh, local history, hydrometerology, Lucullus, Pompeii, Caesar, History Museum of Uzbekistan, State Museum of the History of Timurids, Art Museum of Uzbekistan, Uzbek Museum, International Council of Museums.

Mustaqillikka erishgan  yillarimizda tarixiy o’tmishimizni qayta tiklashga bo’lgan e’tibor kuchaydi va tarixiy o’tmishimizga qaytadan e’tibor qaratildi. Tarixiy shaxslarimizning nomlari oqlandi, umumxalq bayramimiz bo’lib kelgan “Navro’z” bayrami tiklandi va qolaversa Iyd ramozon va Iyd qurbon xayit bayramlarini ham keng nishonlash hamda  dam olish kuni etib belgilandi.

Mustaqillikka erishgandan keyin tariximizni yanada oydinlashtirish yo’lidagi  yana bir muhim qadam bu muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo’ldi desak xato bo’lmaydi. Tarixni anglashda, uni kelajak avlodlarga qoldirishda muzeylar juda ham katta ahamyatga ega hisoblanadi. Shu boisdan Oʻzbekistonda 90-yillardan keyin koʻplab muzeylar mamlakatning turli joylarida oʻz ishlarini boshladi, koʻplab muzeylar butunlay yangidan barpo etildi, boshqalari kapital taʼmirdan chiqarildi. Keling muzeylar haqida chuqurroq ma’lumotga kirishdan oldin muzey o’zi nima ekanligiga to’xtalib o’tamiz.

Muzey (qadimgi yunonchaμουσεῖον, musion — „muzalarga bagʻishlangan joy“) — tarixiy, moddiy va maʼnaviy yodgorliklarni toʻplash, saqlash, oʻrganish va targʻib qilish ishlarini amalga oshiruvchi ilmiy, ilmiy-maʼrifiy muassasa. Muzey xazinasida, asosan, moddiy va tasviriy narsalar, shuningdek, sanʼat asarlari jamlanadi, shu bilan birga yozma manbalar (qadimdan hozirgi davrgacha boʻlgan tarixiy qimmatga ega qoʻlyozmalar, bosma hujjatlar, kitoblar) saqlanadi.[1] Muzeylar tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak bu bo’yicha quyidagi ma’lumotlarga yuzlanamiz: Siyosiy, ilmiy, madaniy, iqtisodiy ehtiyojlarni qondiruvchi muzeyning paydo boʻlish tarixi uzoq qadimga borib taqaladi. Muzeyning oʻtmishdoshlari tabiat va ijtimoiy hayotdan olingan asl buyumlarni xoʻjalik maqsadlarida va moddiy boylik sifatida emas, balki memorial guvohnoma va estetik qimmatli asl narsalar sifatida saqlana boshlagan davrda yuzaga kelgan. Kritdagi Knos saroy xazinasi (miloddan avvalgi 16-asr), Vanlar saroyi va ink kohinlarining arxivi (miloddan avvalgi 13—12-asrlar, Xitoy), Nineviya saroy kutubxonasi (miloddan avvalgi l-ming y..) va boshqa shular jumlasidan. Kdsimdan ibodatxona, keyinroq xususiy toʻplamlarda (miloddan avvalgi 3-asrdan) asosan sanʼat asarlari jamlangan (Varres, Sulla galereyalari, Serviliy, Krase, Lukull, Pompei, Sezar va boshqa toʻplamlari). Vizantiya sobor va monastirlarida, keyinroq Fransiya, Italiya, Germaniya va boshqa mamlakatlar soborlarida turli xil toʻplamlar saqlangan. Yevropada ilmiy vazifalar yuklatilgan muzeyning paydo boʻlishi buyuk geografik kashfiyotlar amalga oshayotgan davr — Uygʻonish davriga toʻgʻri keladi; bu davrda xayvonot va oʻsimlik dunyosi namunalari, minerallar, geodeziya va astronomiya asboblari, etnografik ahamiyatga ega narsalar jamlangan; tabiiy, ilmiy, etnografiya va tarixiy-badiiy noyob narsalar jamlangan saroy toʻplamlari (kunstkameralar, myunskabinetlar va boshqa) shuxrat qozongan. Dastlab muzey va ular haqidagi dastlabki tavsiflar, shuningdek, muzeyshunoslik haqidagi nazariy asarlar ham shu davrda paydo boʻldi. Florensiya (L. Medichi, 15-asr), Rim (Vatikan muzeyi, 16-asr), Drezden (Avgust Saksonskiy, 16-asr) va boshqa joylardagi antik davr yodgorliklari toʻplamlari shu davrga mansub. XVII-XVIII-asrlarda keyinchalik koʻplari davlat milliy muzey negizini tashkil qilgan xususiy toʻplamlar (tarixiy, arxeologik, tabiatshunoslik, sanʼatshunoslik) shakllandi[2].

O’zbekistondagi muzeylarning daslabkilari esa 19-asrning 2-yarmida tashkil etila boshlagan. XX-asr boshida Oʻzbekistonda faqat 3 muzey — Toshkent oʻlkashunoslik muzeyi (1876, hozirda Oʻzbekiston tarixi muzeyi), Samarqand xalq muzeyi (1896, hozirgi Akmal Ikromov nomidagi Oʻzbekiston xalqlari madaniyati va sanʼati tarixi muzeyi), Fargʻona xalq muzeyi (1899, hozirgi Fargʻona viloyat oʻlkashunoslik muzeyi) bor edi. Ularning toʻplamlari kam, ekspozitsiyalarining koʻpi tasodifiy materiallardan tashkil topgan edi. XX-asr 20-yillaridan turli sohadagi muzeylar tashkil etila boshladi. Muzeylar va madaniyat yodgorliklari davlat ixtiyoriga oʻtkazilib, muhofaza qilina boshlandi. Ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirilib, muzeylar uchun kolleksiyalar toʻplash ishi yoʻlga qoʻyildi va koʻplab muzeylar tashkil etildi. Hozir Oʻzbekistondagi muzeylarning asosiy qismi Oʻzbekiston madaniyat ishlari vazirligi qaramogʻida. Yirik muzeylar: Oʻzbekiston tarixi muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Oʻzbekiston sanʼat muzeyi (1918), Akmal Ikromov nomidagi Oʻzbekiston xalqlari madaniyati va sanʼati tarixi muzeyi, Oʻzbekiston tabiat muzeyi (1876) va boshqalar. Respublikaning deyarli barcha viloyatlarida oʻlkashunoslik muzeyi, jahon ahamiyatiga molik memorial muzeylar bor.

Shuningdek ,muzeylar zamonaviy ilmiy tasnifda tur va sohalar boʻyicha farqlanadi. Ijtimoiy vazifasiga koʻra 1)ilmiy tadqiqot-maʼrifat (muzeyning asosiy qismini tashkil etadi, baʼzan ular xalq muzeyi, ommaviy muzey deb ham ataladi), 2)tadqiqot (ilmiy tadqiqot institutlari qoshida oʻziga xos laboratoriya vazifasini oʻtovchi) va 3)oʻquv muzeyiga boʻlinadi.

Sohalar boʻyicha: tarix, qishloq xoʻjaligi, tabiatshunoslik, sanʼatshunoslik, adabiyot, texnikaga oid va boshqa muzeylarga boʻlinadi. Shuningdek, muzeyning memorial muzeylar, majmua oʻlkashunoslik kabi turlari bor.

 Oʻzbekistonda muzeylarning  yangi tarixi 1992-yildan boshlandi va shu yilning oʻzida juda koʻplab yangi muzeylar tashkil etildi. Masalan, buyuk oʻzbek shoirlaridan biri Boborahim Mashrabning muzeyi Namanganda tashkil etildi, yana Xorazmda hofiz Hojixon Boltaboyev nomi bilan ataluvchi maqomchilar muzeyi, Urganch shahrida „Xorazm amaliy sanati va tarixi“ muzeyi, Buxoroda „Temirchlik muzeyi“, Samarqand viloyatida xalq kuychisi (baxshisi) Islom shoir Nazar oʻglining uy muzeyi tashkil etildi. Keyinchalik 1993-yilda ham bir nechta muzeylar oʻz ishlarini yoʻlga qoʻydilar, ular orasida Toshkentda ochilgan Oʻzbekistondagi birinchi huquqshunos olima ayol Xadicha Sulaymonova muzeyi, mashhur raqqosa Mukkarramaxonim Turgʻunboyeva muzeyi, mashxur choʻpon, mehnat qahramoni Jonboy Bashmanov muzeyi Navoiyning Tomdi tumanida tashkil etildi. 1994-yilda xalq rassomi Muhiddin Rahimov muzeyi, 1996-yilda juda katta ahamiyatga ega boʻlgan Oʻzbekiston gidrometerologiya muzeyiSalim Hamidovning uy muzeyi 1997-yilda tashkil etildi[2]. Eʼtiborga loyiq voqealardan biri 1996-yil 1-sentabrda Osiyoda yagona boʻlgan Olimpiya shon shuhrati muzeyi ochilishi boʻldi, bu muzey Oʻzbekistonlik sportchilarning jahon miqyosida erishgan yutuqlari va ishtiroklari haqida koʻplab malumotlar beradi.

Oʻzbekistonda muzeylar rivojiga PF-1913-son bilan 1998-yil 12-yanvarda qabul qilingan „Muzeylar faoliyatini tubdan  yaxshilash va takomillashtirish toʻgʻrisidagi“ qonun juda katta ahamiyatga ega boʻldi, shundan keyin muzeylar davlat muhofazasiga olindi va muzeylarni yanada rivojlantirish haqida dastur ishlab chiqildi va ular davlat budjeti tomonidan qoʻllab quvvatlandi. 1998-yilda Oʻzbekmuzey tashkiloti tashkil etildi va 1999-yilda muzeylar hayotidan xabar beruvchi Moziydan sado jurnali tashkil etildi. Bu jurnal uch tilda Oʻzbek, Rus va Ingiliz tilida chop etila boshlandi. 1999-yilda Oʻzbekistonda davlat tasarrufidagi muzeylar soni 81 taga yetdi, ulardan 15 tasi tarix muzeyi, oʻlkashunoslik muzeylari soni 23 tani va 10 ta badiiy muzeylar, 20 ta memorial, 8 ta adabiyot, 4 ta tibbiyot muzeylarini tashkil etildi. Oʻzbekistondagi 10 ta yirik shahar tarixiy shaharlar roʻyxatga olingan hisoblanadi masalan:BuxoroSamarqand,Xorazm,Qoʻqon va boshqalar. Ayniqsa Samarqand juda ham tarixiy obidalarga boy shahar hisoblanib har yili juda koʻp xorijiy mehmonlar tashrif buyuradi.

Hozirda Oʻzbekiston madaniyat vazirligi tasarrufidagi muzeylar 1.350 ming eksponatga ega.

 Taʼlim-tarbiya va ilmiy vazifalarga ega boʻlgan muzey tizimi taraqqiyotiga obyektiv ehtiyojlar ortib bormoqda. AQShItaliyaFransiyaBuyuk BritaniyaGermaniyaRossiya va boshqa mamlakatlar eng taraqqiy etgan muzey tizimiga ega.

Muzeylarning butunjahon miqyosida muhim o’rin tutishini 18-may sanasining Xalqaro muzeylar kuni sifatida belgilanishida ham ko’rsak bo’ladi. Xo’sh bu qanday sodir bo’ldi?

Xalqaro muzeylar kuni butun dunyo boʻylab, 1977-yilda Moskva va Leningradda ICOMning (International Council of Museums — Xalqaro muzeylar kengashi), 11-Bosh konferentsiyasi kengashi boʻlib oʻtgandan beri nishonlanadi.

1977-yilda muzey jamoatchiligi maxsus tadbir tashkil qilishni xohlashadi va shu asnoda Xalqaro muzeylar kuni tadbiq etilgan. Rezolyutsiya xuddi shu 1977-yilda Moskvada boʻlib oʻtgan Xalqaro Muzeylar Kengashining (ICOM) Bosh Assambleyasida qabul qilingan.

1992-yilda Xalqaro muzeylar kunini rasmiy ravishda tashkil etuvchi ICOM Kengashi maʼlum bir mavzuda tadbir oʻtkazishni taklif qilgan. Oʻshandan beri har yili Xalqaro muzeylar kuni turli mavzularga bagʻishlangan va Xalqaro muzeylar kengashi har doim ushbu mavzu bilan bogʻliq tadbirlarni koʻrib chiqadi va ularni hamma uchun tushunishga oson shaklda taqdim qiladi.

Yildan yilga tadbir tobora ommalashib bormoqda. 2007-yilda, yaʼni oradan 30-yil oʻtib, Xalqaro muzeylar kunida 70 ta davlat qatnashgan. Oʻsha yil mavzusi „Jahon merosi uchun barchamiz javobgarmiz“ („Todos somos responsables del patrimonio mundial“) edi.

2015-yilda ushbu tadbirda dunyoning 145 davlatidan 35 mingdan ortiq muzeylar ishtirok etdi[[3]

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning  2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasida quyidagi tanqidiy fikrlar aytilgan edi: “Afsuski, yurtimiz tarixini oʻrganishimizda oʻtgan davrda arxeologik tadqiqotlar yetarli darajada olib borilmadi. Shuning uchun Fanlar akademiyasining Arxeologiya va Sanʼatshunoslik institutlari faoliyatini, oliy oʻquv yurtlari va muzeylardagi arxeologik izlanishlarni chet ellik hamkorlar bilan birga tashkil etish zarur”.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 fevralda “Yurtimizning qadimiy va boy tarixini oʻrganish, ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish hamda ularni kelajak avlodga yetkazish, mamlakatimiz muzeylarida saqlanayotgan tarixiy eksponatlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqildi.   Ushbu chora-tadbirlar doirasida muzey ashyolari va kolleksiyalarini toʻliq xatlovdan oʻtkazish tartibi va muddatlari aniq belgilab olinib, ishchi guruhi shakllantirildi. “Milliy muzey tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini hisobga olish va saqlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asosan oʻz tarkibida 3000 tagacha muzey ashyolari hamda kolleksiyalari boʻlgan kichik muzeylar fondidagi barcha ashyolar har yili, 3000 tadan koʻp ashyolarga ega boʻlgan muzeylarda xatlov ishlari har ikki yilda bir marta oʻtkazilishi belgilandi. Shunga koʻra mamlakatimizdagi muzeylarda saqlanayotgan ashyo va kolleksiyalarni xatlovdan oʻtkazish jadal olib borilmoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi, Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi, I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeylarida xatlovdan oʻtkazish ishlari yakunlanmoqda.

Shuningdek, respublikamizdagi muzeylarda 2,4 mln.ga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalari mavjud, hozirgi kunda ularning 90 foizining elektron bazasi yaratildi. Termiz arxeologiya muzeyi, Oʻzbekiston davlat tabiat muzeyi, Namangan viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi, Usmon Yusupov uy-muzeyi, Muxtor Ashrafiy uy-muzeyi, Urganch suratlar galereyasi, Shahrisabzdagi Amir Temur nomli moddiy madaniyat tarixi muzeylari kataloglarining elektron bazasi toʻliq yakunlandi.

Yana qoʻshimcha tarzida maʼlum qilish oʻrinliki, Madaniyat vazirligi tomonidan muzeylarni yanada kengroq targʻib qilish, faoliyatini jamoatchilikka koʻrsatish, sayyohlar uchun jozibadorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston muzeylari yagona portalini yaratish ishlari ham olib borilmoqda[4]. Shu bilan birga yana bugungi kunda O’zbekistondagi muzeylarga virtual sayohat qilish imkoniyati ham yaratildi.

Bugungi kunda respublika muzeylarida turli xildagi buyumlar va eksponatlar mavjud boʻlib, 2019-yilda muzeylardagi jami asosiy fond eksponatlari soni 2 millionni tashkil etganganligi ham bu borada yurtimizda ko’plab tarixiy voqealardan xabar beruvchi dalillar mavjud ekanligini aytishimiz mumkin. Noyob eksponatlar soni esa 122,9mingtaga yetgan. Muzey eksponatlarining 24,6 mingtasi rassomlik, 56 mingtasi grafika, 3,8 mingtasi haykaltaroshlik, 71 mingtasi amaliy san’at, 288,1 mingtasi numizmatika, 336,8 mingtasi arxeologiya buyumlari hamda 25,1 mingtasi suratlar, 277,6 mingtasi hujjatlarva 757,7  mingtasi boshqa eksponatlardan iborat[5]. 2019-yilda jami muzeylar soni 100 tani tashkil etgan. Shundan, muzey filiallari soni 44 tadir. Muzeylarga tashrif buyuruvchilar soni esa 7,7 mln kishidan iborat boʻlib, ulardan oʻquvchi va talabalar foizi  45,0 foizni tashkil etgan. Xulosa qilib aytganda O’zbekistonda muzeylar faoliyatini rivojlantirish bilan keyingi avlod uchun qimmatli bo’lgan tarix zarvaraqlarini saqlab qolish ham mumkin. Muzeylarga aholi tamonidan qilinayotgan tashriflar yoshlarimiz ongiga ijobiy ta’sir etibgina qolmasdan, yoshlarda yurtimiz tarixiga qiziqish, vatanparvarlik tuyg’ularini ham shakllantirishda alohida o’rin tutadi desak mubolag’a bo’lmaydi.


[1] https://uz.wikipedia.org/wiki/Muzey

[2] https://uz.wikipedia.org/wiki/Muzey

[3] Mejdunarodniy den muzeev — — Novosti i afisha muzeev Rossii — — www.Museum.ru  „The theme“. 22-fevral 2017-yilda asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 31-may 2022-yil.  „IMD in short“ (deadlink). 24-mart 2018-yilda asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 21-fevral 2017-yil

[4] https://xs.uz/uz/post/muzejlar-eksponatlari-khatlovda#:~:text=Ushbu%20chora%2Dtadbirlar,ham%20olib%20borilmoqda.

[5] https://yuz.uz/uz/news/muzeylarimiz-va-ularda-saqlanayotgan-eksponatlar-qancha?view=moskvadagi-tretyakov-galereyasida-ozbek-filmlarining-namoyishi-bolib-otadi#:~:text=Bugungi%20kunda%20respublika,boshqa%20eksponatlardan%20iborat.