Ov, ov qilish, shikor
Ov, ov qilish, shikor — yovvoyi hayvon va parrandani ovlash; odamning hayot kechirish jarayonidagi qadimgi mehnat faoliyatlaridan biri. Odamlar dastlab guruh bo’lib, keyin yakka holda ov qilishgan. Kadimda tosh, nayza, keyinroq pichoq, to’r va boshqalardan ov quroli sifatida foydalanilgan. Kamon kashf etilishi ovchilikda katta ahamiyat kasb etgan. Osiyodagi ko’chmanchilar ot minib, iskovuch it va qush yordamida ov qilgan. Hozir ko’proq miltiq, qopqon va to’r, it bilan ov qilinadi. Hayvon va parrandalar qurol bilan ov qilinganda itlardan foydalaniladi. Bunda, asosan, mo’ynali va tuyoqli hayvonlar, o’rmon va suv parrandalari ovlanadi. Qurolsiz ovda mo’ynali hayvonlar va ilvasin tutiladi. Bunda qopqondan va tuzoqdan foydalaniladi, ular hayvonlar ini og’ziga, yuradigan yo’liga qo’yiladi. It yordamida ov qilishda otliq, ba’zan piyoda ovchi ov itlaridan foydalanadi, bunda tez yuguradigan tozi it hayvonni ochiq maydonga «haydab» beradi, ovchi bilan ov iti esa uni quvlab borib tutadi. Ot va tez yuguradigan tozi it yordamida ov qilinganda hayvon itga oldiriladi, bunda it hayvonni quvib tutguncha ovchi otda yetib boradi va itdan uni ayirib oladi. Ovchi qushlar bilan ov qilishda hayvonlar, asosan, ochiq maydonlarda, burgut, lochin, qirg’iy kabi qo’lga o’rgatilgan qushlar yordamida tutiladi. Ov shartli ravishda sano’at, sport-havaskorlik va ilmiy maqsadlardagi ovlarga bo’linadi. Sanoat maqsadidagi ovda aholi va sanoat ehtiyoji uchun mo’ynali, tuyoqli yovvoyi hayvonlar va suv qushlari tutiladi. Sport ovi dam olishning bir turidir. Ilmiy ov ovlanadigan hayvonlarni, yovvoyi hayvonlar kasalliklarini, ovchilik ishi va o’lkani o’rganish maqsadida ilmiy muassasalar topshirig’i bilan olib boriladi. Mo’ynali hayvonlarning 100 dan ortiq turi, tuyokli yovvoyi hayvonlarning 20 dan ziyod va ovlanadigan parranda (qush)larning 150 dan ko’p turi mavjud. Ovning asosiy tovar mahsuloti — mo’yna, qo’shimcha mahsuloti — go’sht, yog’; qimmatbaxr xom ashyosi: teri, pat, par, jun. O’zbekistonda 18 yoshga kirgan, ovchilar uyushmasi a’zosi va ovchilik bileti bo’lgan fuqarolar ov miltig’idan foydalanish huquqiga ega. Hayvonlarning qimmatbaho turlari maxsus ruxsatnoma (litsenziya) bilan ovlanadi. Ov to’g’risidagi qonunlarga rioya qilish, ov muddatlari va usullarini belgilash ishlarini «O’zbekovchibaliqchi» uyushmasi va ovchilik nazorati xizmati bajaradi. Bahodir Abdullayev.