Ov qushlari
Ov qushlari — yovvoyi parrandalarning mazali go’shti, qimmatbaho par va patlari, mo’ynasi uchun ovlanadigan guruhi. Ba’zi qushlarning tuxumlari ham yig’iladi. Qushlar qadimdan ov ob’yekti sifatida sut emizuvchilardan keyingi o’rinda turgan. Qush ovlari qadimgi Misr freskalari va yunon vazalarida tasvirlangan. Qush ovlashning turli usullari mavjud. 9-asrdan qushlarni Maxsus o’rgatilgan lochinlar yordamida ovlana boshlangan. 10-17-asrlarda esa ovning bu usulidan foydalanish ommaviy tus olgan. Tarixiy manbalardan ov qilish uchun 17-asrdan ilgari Buxoroga Rossiyadan maxsus o’rgatilgan lochinlar olib kelingani ma’lum. O’zbekistonda qushlarning 100 dan ortiq turi sport, havaskorlik va an’anaviy ov ob’yekti hisoblanadi. Ovlanadigan qushlar tog’, cho’l, suv, o’rmon va boshqa ekologik muhitlarda tarqalgan. Yer yuzida ko’proq g’ozsimonlar, tovuqsimonlar, balchiqchisimonlar turkumlarining vakillari ovlanadi. Respublika, asosan, suzuvchi qushlar (o’rdaklar, qashqaldoqlar, balchiqchilar va boshqalar), kaklik, qirg’ovul, bedana va kaptarlar ovlanadi. Shuningdek, qarqaralar, bulduruqlar, chug’urchuqlarni ovlash ham kuzatilgan. 19-asr oxirida yer yuzida, ayniqsa, Yevropada qushlarni ovlash g’oyat kuchayib ketdi, har yili bir necha million qushlar ovlanadi. O’zbekistonda sportchi va havaskor ovchilar har yili suvda suzuvchi minglab qushlarni ovlaydi. Ularning asosiy qismini o’rdaklar va qashqaldoqlar tashkil etadi. Ovlanadigan hayvon turlari resurslaridan barqaror foydalanish maqsadida hozir 40 ga yaqin ovchilik va baliqchilik xo’jaliklari tashkil etilgan. Ularning katta tshemi suv oldi hududlarida joylashgan bo’lib, suvda suzuvchi kushlarni ovlashga ixtisoslashgan. Ov qilish qoidalari, muddati va miqdorini tegishli tashkilotlar nazorat qilib turadi. Keyingi yillarda Ov qushlari yashashiga salbiy ta’sir etuvchi omillarning ko’payganligi inobatga olinib, ularni yashash joylarida, migratsiya va qishlash davrida muhofaza qilishni kuchaytirish, huquqiy jihatdan takomillashtirishni amalga oshirish hamda muvoffiqlashtirish maqsadida suvda suzuvchi qushlarni o’rganish bo’yicha xalqaro byuro tashkil etilgan. Suvda suzuvchi qushlar majmuini, shuningdek, ayrim turlari muhofazasini ko’zda tutib, xalqaro konventsiyalar, bitimlar tuzilgan. Oqbosh o’rdak, ola qanot, marmar churrak, to’xta va yo’rg’a tuvaloqlar kabi ov qushlari xalqaro va O’zbekiston Respublikasi qizil kitoblariga kiritilgan. Elmurod Shernazarov.