Oy fazalari

Oy fazalari – oyning yer atrofidagi harakatlanishi davrida Quyoshga nisbatan egallaydigan vaziyatlari. Oy o’zidan nur chiqarmaydi, uni Quyosh nuri yoki Quyosh nurining yerdan qaytgan qismi yoritishi mumkin, shu tufayli oyning fazoda Quyoshga va yerga nisbatan qanday holatda turishiga ko’ra, u yerdan qaraganda turli shaklda ko’rinadi. Har oyda oy taxminan Yer bilan Quyosh orasidan o’tadi va erga o’zining qorong’i tomoni bilan turadi. Bunga astronomic yangi oy deyiladi. 1-2 kun (sutka) dan so’ng Quyosh botgach, osmonning g’arbiy qismida Oy ingichka o’roq shaklida ko’rinadi, bu xalq tilida Hilol yoxud yangioy (fan tilida — vizual yangioy) deyiladi. Bunda Oyning qolgan qismini yer o’zining kunduzgi yarim sharidan qaytgan Quyosh nurlari bilan xira kulrang ravishda yoritib turadi. 7 kundan keyin yerdan oyga va Quyoshga tomon yo’nalishlari orasidagi burchak 90° ga teng bo’ladi, bunda u yarim «kulcha» shaklida ko’rinib, oyning bu fazasi birinchi chorak deyiladi. Taxminan 14-15 kunlik oy Quyoshga qarama-qarshi turib, uning Quyosh bilan yoritilgan yarim sferasi to’laligicha yerga qaraydi. Oyning bu fazasi to’linoy deb ataladi. Bunda oyni to’la yorug’doyra shaklida kurish mumkin. Keyingi kunlarda oyning g’arbiy tomoni «yemirila borib», 22-sutkada faqat qabariq tomoni sharqqa qaragan yarim doyra shaklida ko’rinadi. Buni oyning oxirgi chorak fazasi deyiladi. 29,5 sutkadan so’ng oy yana astronomik yangioy fazasida bo’ladi. Ikki ketma-ket kelgan yangioy orasida o’tgan vaqt oyning sinodik davri deyilib, u 29,53059 sutkaga teng. Sinodik oy Siderik oyga qaraganda bir oz ortiqroq, chunki shu davr orasida yer o’z orbitasining qismini utadi. Agar Quyosh oy orbitasi tugunlarining bi-rontasi yaqinida (undan 16,5° dan kichik yoy masofada) bo’lganda yangioy kuzatilsa, albatta Quyosh tutiladi. Bu hodisa to’lin oy paytiga to’g’ri kelsa, unda oy tutilishi mumkin. Oy fazalarining davriy o’zgarishi oy kalendarlarining yaratilishi uchun asos bo’lgan. Mamatmusa Mamadazimov.