O’ZBEKISTON KIMYO-FARMATSEVTIKA ILMIY TADQIQOT INSTITUTI

O’ZBEKISTON KIMYO-FARMATSEVTIKA ILMIY TADQIQOT INSTITUTI — ilmiy tekshirish muassasasi. 1964 yilda SSSR neft kimyosi sanoati vazirligi qoshida tashkil etilgan. 1996 yildan shu nomda. Institutga asoschisi A.S. Sultonov nomi berilgan (1994). Institutning asosiy ilmiy tekshirish yo’nalishi tabiiy birikmalar va sintetik moddalar asosida yangi dori vositalarini olish, ularga ilmiy-texnik hujjatlar (reglament, farmakopeya maqolalari) tayyorlash hamda tajriba- sanoat namunalarini ishlab chiqarish, neftkimyo, gaz, oziq-ovqat va boshqalar sanoat korxonalari uchun zarur bo’lgan katalizatorlar olish, katalitik jarayonlarni ishlab chiqish va sanoatga tatbiq qilish muammolari ustida tadqiqotlar olib borishdan iborat. institut olimlari tomonidan kashf etilgan yurakqon tomir sistemasi kasalliklarida qo’llanadigan «Sharq tabibi» shifobaxsh balzami, 3%li «Fensulkal» surtmasi, jigar xastaligiga davo «kobalt fitat» preparati amaliyotda qo’llanadi. Institutda 12 laboratoriya va bo’limlar, shuningdek, tajriba ishlab chiqarish bo’limi mavjud bo’lib, ularda 106 xodim ishlaydi, shulardan O’zbekiston Fanlar Akademiyasining 1 akademigi (M.F.Obidova), 5 fan doktori, 20 fan nomzodi faoliyat ko’rsatadi (2005).