O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING OLIY XO’JALIK SUDI

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING OLIY XO’JALIK SUDI — O’zbekistonda xo’jalik sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi. Xo’jalik sudining vakolatlari O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 111-moddasi va «Sudlar to’g’risida» O’zbekiston Respublikasining qonuni (yangi tahriri, 2000 yil 14 dekabr)da belgilab berilgan. Bunga ko’ra. mazkur sud Qoraqalpog’iston Respublikasi xo’jalik sudining, viloyatlar va Toshkent shahri xo’jalik sudlarining sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega. Oliy xo’jalik sudi ishlarni 1-instantsiya sudi sifatida, kassatsiya tartibida va nazorat tartibida ko’radi; Oliy xo’jalik sudi Plenumining tushuntirishlari xo’jalik sudlari tomonidan bajarilishini nazorat qiladi, quyi xo’jalik sudlari faoliyatini tekshiradi, ularning ish tajribasini umumlashtiradi va ommalashtiradi. O’zbekiston Respublikasining Oliy xo’jalik sudi rais, uning 1-o’rinbosari, o’rinbosarlar, sudlov hay’atlarining raislari, Oliy xo’jalik sudi sudyalaridan iborat bo’lib, quyidagi tartibda ish olib boradi: O’zbekiston Respublikasi Oliy xo’jalik sudining Plenumi; O’zbekiston Respublikasi Oliy xo’jalik sudining Rayosati; fuqarolik huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolarni hal etish bo’yicha sudlov hay’ati; ma’muriy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal etish bo’yicha sudlov hay’ati. Oliy xo’jalik sudi Plenumi bir yilda kamida 2 marta chaqiriladi, Rayosatining majlislari har oyda kamida 1 marta o’tkaziladi. Oliy xo’jalik sudi sudyalarining maqomi, ularni saylash va tayinlash tartibi qonunda ko’rsatib o’tilgan.