Paganini (Paganini) Nik Kolo
Paganini (Paganini) Nik Kolo (1782.27.10, Genuya – 1840.27.5, Nissa) — italyan sozandasi (skripka, gitara) va kompozitor. 1797 yildan boshlab Italiyada, 1828 yildan Yevropaning ko’p mamlakatlarida mukammal mahoratini namoyish qilib, tarixda eng mashhur virtuozlardan biri sifatida nom qoldirgan. Paganini yangi, murakkab ijro usullarini qo’llab, zamonaviy skripka ijrochiligi asoslarini yaratdi, shuningdek, 19-asr pianino ijrochiligi hamda cholg’ulashtirish san’atlari rivojiga ta’sir o’tkazdi. Paganini sozanda va kompozitor sifatida musiqiy romantizm asoschilaridan. Skripka uchun 24 ta kaprichchio, skripka va orkestr uchun 1 – va 2 – kontsertlari (jami 5 ta), shuningdek, sonatalari (ayniqsa, skripka va gitara uchun), yakka gitara (jami 200 ga yaqin) va boshqa sozlarga mo’ljallangan pyesalari, kamer ansambllari, opera, balet va xalq kuylariga yaratgan variasiyalari kuylarining ravonligi va kuychanligi, garmonik rivoji o’ziga xosligi bilan ajralib turadi. 1954 yildan Genuyada har yili Paganini nomidagi xalqaro skripkachilar tanlovi o’tkaziladi.