Paleogen sistemasi

Paleogen sistemasi (davri) (Yunoncha palaios — qadimgi va genos — tug’ilish, yoshi) — yer tarixi kaynozoy eratermasining boshlanish davri. Paleogen sistemasi taxminan 65-66 million yil muqaddam boshlanib, 40-42 million yil davom etgan. Paleogen sistemasi yotqiziqlari yer yuzida keng tarqalgan bo’lib, Amerika, Yevropa, shimoliy Amerikaning anchagina qismini qoplab yotadi. Paleogen sistemasida yirik tektonik harakatlar bo’lib o’tgan. Shimoliy va Janubiy Amerikaning g’arbiy qismida Kordilera va and tog’larining ko’tarilishi davom etgan. Ularning atrofida (tog’oldi bukilmalarida) qalin vulkanogen va terrigen qatlamlari to’plangan. Yevropa bilan Afrika oralig’ida, shuningdek, Osiyoning Janubiy qismida yastanib yotgan yirik geosinklinal sistema mavjud bo’lib, hozirgi Pireney tog’laridan Myanmagacha bo’lgan hududni egallagan. Paleogen sistemasining 2-yarmida burmalanish va tog’lar hosil bo’lgan, natijada O’rta dengizning Janubiy va shimoliy sohillari bo’ylab tog’li orollarning 2 zanjiri vujudga kelgan. Paleogen sistemasida Afrikaning Sharqiy chekkalari bo’ylab meridianal yo’nalgan yirik grabenlar — Sharqiy Afrika siniqlar zonasi paydo bo’lgan. Uzoq Sharq hududida tinch okean geosinklinal mintaqasi rivojlangan. Yuqoridagi regionlardan tashqari, Kichik Osiyo, Bolqon yarim oroli, Grenlandiya, Yaponiya, Kamchatka va boshqa joylarda vulkan harakatlari bo’lganligi qayd etilgan. Paleogen transfessiyasi shimoliy yarim sharning ko’p joylarida, ayniqsa, Eosen oxirida maksimal darajaga etgan. Bu vaqtda Sharqiy Yevropa platformasining Janubiy qismi, Turon va G’arbiy Sibir plitalari, Zakavkaze, O’rta va Janubiy Yevropa, Afrikaning shimoliy va boshqa joylarni suv bosgan. Oligosen boshlarida bo’lgan tektonik harakatlar dengiz regressiyasiga (O’rta Yevropa, Karib dengizi, Meksika qo’ltig’i va boshqalardan tashqari) olib kelgan. Bu davrda kontinental iqlim hukmron bo’la boshlagan. Geosinklinal havzalarda flishlar, oligosendan boshlab dengiz molasslari shakllangan. O’rta dengiz havzalarida Paleogen sistemasiga xos nummulit va lepidosiklin ohaktoshlari to’plangan. Platformalarda karbonatli gil, glaukonit va kvarsli qum, opoka, trepel, spongolit, shuningdek, gil yotqiziqlari hosil bo’lgan. Oligosen havzalarida mergel, dolomit va ankerit konkresiyali gillar keng tarqalgan. Atlantika, tinch va Hind okeanlarining tubida karbonatli, ba’zan terrigen gillar to’plangan. Kontinental yotqiziqlar orasida ko’mirli cho’kindi va qizil rangli gillar ko’p uchraydi. Paleogen sistemasining quruqlikdagi faunasi bo’r sisshemasinnkkdan keskin farq qiladi. Paleogen sistemasi boshlarida sudralib yuruvchilar (Dinozavrlar, uchuvchi kaltakesaklar va dengiz kaltakesaklari — ixtiozavr va Pliozavrlar)ning ko’pchiligi qirilib ketgan. Bu davrda hozirgi amfibiyalar yashagan, suyakli baliqlar ko’p bo’lgan. Paleogen sistemasida sut emizuvchilar keng tarqalib, paleosenda ular ibtidoiy holda bo’lgan, eosendan boshlab esa hasharotxo’rlar, kemiruvchilar, primatlar, yirtqich hayvonlar, tuyoqlilar, xartumlilar, kitsimonlar va boshqalar paydo bo’la boshlagan. Paleogen sistemasida yalang’och urug’lilar o’sgan, yopiq urug’li o’simliklar ham ko’paygan. Paleosen va quyi eosenda yopiq urug’li o’simliklar keng tarqalgan, keyinchalik yo’qolib ketgan. O’zbekistonda Paleogen sistemasi yotqiziqlari Farg’ona, Surxon va Zarafshon vodiylari, Hisor, Nurota, Zirabuloq-Ziyovuddin, Zarafshon va Turkiston tog’ tizmalarining etaklari va yon bag’irlarida, Ustyurt va Qizilqum cho’lida ko’pgina hududni ishg’ol qiladi. Paleogen sistemasi yotqiziqlari oolitli dolomit, ohaktosh, qumtosh, giltosh, kvars qumlari, bentonit hamda vulkanli tog’jinslaridan tarkib topgan. O’zbekistonning quruqlik landshaftida past bo’yli, ignabargli, gulli daraxtlar taraqqiy etgan. Paleogen sistemasi yotqiziqlarida foydali qazilmalardan neft va gaz, qo’ng’ir ko’mir, marganes, temir, boksit, fosforit bor. O’zbekistonda Paleogen sistemasi yotqiziqlaridan neft va gaz, fosforit, kaliy, paligorskit, kvarsli qumlar, bezak toshlar, gips-angidrid kabi qurilish materiallari va boshqalar topilgan. Paleogen sistemasi yotqiziqlarini O’zbekistonda geologlar V. I. Popov, S. X. Mirkamolova, O. M. Akramxo’jayev, M. Z. Zokirov, M I. Egamberdiyev va boshqalar o’rganishgan. Stratigrafik jihatdan Paleogen sistemasi Paleosen, Eosen va Oligosen bo’limlariga, bo’limlar esa yarus, svita, qatlamlarga bo’linadi. Ad.: Akramxodjaev A.M., Egamberdiyev M. i dr., Litologiya, stratigrafiya i neftegazonosnost Yujnogo i Zapadnogo Uzbekistana, T., 1971; Fatxullaev G’., Husanov S, tarixiy geologiya va paleontologiya asoslari, T., 2002.