Paleovulkanologiya
Paleovulkanologiya (Pa- Leo… va vulkanologiya) — o’tmish geologik davrlar vulkanik jarayonlarini o’rganadigan fan, geologiyaning tarmog’i. Qadimgi vulkanlar hosil qilgan qurilmalar (lava, piroklast), ularni tarkibi va joylashish qonuniyatlarini o’rganadi. Qadimgi vulkanlar haqida ma’lumot antik davr olimlaridan Pifagor, Strabon va o’rta asrlarda Majioli, Guk va boshqalarning asarlarida uchraydi. Qadimgi vulkanlarning tuzilishini urganishda strukturaviy, fasial tahlil usullari qo’llaniladi. Qadimgi vulkanik jinslar tarkibi zamonaviy optik, kimyoviy va boshqa usullar yordamida aniqlanadi. Paleovulkanologiya izlanishlar ko’p amaliy muammolarni hal qilishda muhim omil bo’ladi, masalan, mis, oltin, kumush va boshqa foydali qazilmalarni izlashda.