Palmadoshlar, palmalar

Palmadoshlar, palmalar (Palmae yoki Agesaseae) — bir pallali daraxtsimon o’simliklar oilasi. Tropik va qisman subtropiklarda o’sadigan 240 tacha turkumi, 3400 tacha turi ma’lum. P.ning ko’p turlari Osiyoda (Indoneziya), Afrika va Janubiy Amerikada, Palmadoshlarning past bo’yli turi esa Yevropada tarqalgan. Ko’pincha shoxlamay tik o’sadi. Tanasining bo’yi 60 metrcha, diametri 1 metrga yetadi. Ba’zi turlari butasimon, lianasimon (300 metrgacha). Barglari patsimon, daraxtsimonlarida tana uchida tuda bo’lib, butasimonlarida esa yer bag’irlab osilib yotadi. Barglarining uzunligi hatto 15 metrcha. Palmadoshlar bir va ikki uyli o’simlik. Ayrim turlari har yili, ba’zilari faqat bir marta gullab mevalaydi. To’pguli yirik, oq, sarg’ish yoki ko’kish, ayrim jinsli, ba’zan qo’sh jinsli mayda gullardan iborat. Mevalari — quruq yoki etli danak: kamroq rezavor-mevasimon, ba’zilari mayda, boshqalari esa kichik Xan-dalakdek keladi. Palmadoshlar 5-12 yoshida gullaydi, 30-50 yil yashaydi. Palmadoshlar 2 oilachaga bo’linadi. Ko’pgina Palmadoshlarning mevasi yeyiladi. Xom mevasidan kokos suti olinadi. Pusti archilgan mevalaridan yog’ va margarin olishda foydalaniladi (moyli palma). Poya tolalaridan juda pishiq arqon, barg tolalaridan savat, shlyapalar to’qiladi. Poyasining kraxmalli o’zagidan sago (sago palmasi, Mavrikiya palmasi) olinadi. Finikiya palmasining mevasi iste’mol qilinadi. Palmadoshlar Kavkazning qora dengiz sohillarida, G’arbiy Gruziyada, Qrimning Janubiy sohillarida, Turkmanistonning g’arbiy qismida va boshqa yerlarda qadimdan manzarali o’simlik sifatida ekiladi. Palmadoshlar urug’idan, ba’zi turlari parxishlab ko’paytiriladi.