Palov

Palov — milliy taom turi. Pishirish usulining xilma-xilligiga va ishlatiladigan masallig’ining turiga qarab Palovning 40 dan ortiq turi bor. Masalan, qovurma Palov, ivitma Palov, mayizli Palov, bedana Palov, qazi Palov, behili Palov, to’g’rama Palov, to’y Palov, qiyma Palov, va boshqalar. Palovning sofaKi Palov (Samarqand viloyati), qorma Palov (Qashqadaryo), suzma Palov (Xorazm), ugra Palov (Surxondaryo) va boshqa turlari bor. Palov tayyorlashdagi asosiy jarayonlar: a) yog’dog’lash (yog’ni qozonga solib, oq tutun hosil qilguncha qizdirish); b) zirvak pishirish; v) guruch solish. Guruch terib tozalanib, iliq yoki sovuq suvda 3-4 marta yuviladi. Guruch zirvak yuziga bir tekis qilib solinadi va suv quyiladi. Guruch solingach, cho’g’siz kuchli alanga berib, qozon yuzasini bab-baravar qaynatish kerak, aks holda palov «tirik» bo’lib qoladi. Guruch suvni batamom tortgandan so’ng, guruchni kapkir bilan qozonning o’rtasiga gumbaz qilib o’yib, damcho’p suqiladi va damtovoq bilan jips yopib 20 minutcha damlanadi. Palovning eng ko’p tayyorlanadigan turlari: qovurma (Farg’onacha) Palov — qo’y yog’i eritiladi, jizzasi suzib olinadi, yog’dog’langandan so’ng unga go’shtdan tozalangan bir bo’lak suyak tashlab yuboriladi. Suyak qizg’ish tusga kirguncha qovuriladi (bu jarayon oshga tus beradi). Suyak olib tashlanib, parrak-parrak to’g’ralgan piyoz tashlanadi. Lo’nda-lo’nda to’g’ralgan go’sht solib, qovurish davom ettiriladi. Piyoz qizarib qovurilgach, qozonga somoncha qilib to’g’ralgan sabzi solinadi, bir oz tuz solib aralashtiriladi. Sabzi jigarrang tusga kirganda, oshga solinadigan suvning yarmi quyib qaynatiladi. Zirvak 20— 25 minut mildiratib qaynatiladi. Qovurma Palov uchun 1 kilogramm guruchga 500 gramm go’sht, 250 gramm yog’, 500 gramm sabzi, 4-5 bosh piyoz, bir choy qoshig’ida zira, zirk, qalampir kerak; ivitma Palov — dog’langan yog’da lo’nda-lo’nda to’g’ralgan go’sht qovuriladi, so’ngra piyoz solinadi. Qovurish piyoz qizarguncha davom etadi. Qozonga to’g’ralgan sabzi tashlanib, 10— 15 minut davomida qovuriladi, bir oz tuz ham tashlanadi va qozonga suv quyiladi. Zirvak tayyorlashga kirishishdan oldin guruchni tuzli suvda 3-4 marta yuvib, issiq suvga ivitib qo’yiladi. Ivitma Palov uchun 1 kilogramm guruchga 150— 200 gramm no’xat solinadi. No’xat kamida 10 soat ilgari ivitib qo’yilishi kerak. Palov qadimdan O’rta Osiyoning har qanday to’y, sayil, bayram va mehmondorchiliklarida tayyorlanadi. Palov tayyorlash o’zbeklar o’rtasida, ayniqsa, erkaklar (yigitlar)ga xos fazilat hisoblanadi. Ad.: Mahmudov Q., O’zbek tansiq taomlari, T., 1989; Maxmudov K., Uzbekskiy plov, T., 1979.