Palpatsiya
Palpatsiya (lotincha palpatio — silash), paypaslash — vrachning bemorni tekshirish usuli; bunda yuza to’qimalar va chuqur joylashgan a’zolarni muntazam paypaslab, masalan, terining temperaturasi va namligi, ba’zi ichki a’zolarning katta-kichikligi, joylanishi, yuzasi kanday ekanligi va konsistentsiyasi, tomir urish xususiyatlari, shuningdek, Palpatsiyaga nisbatan bemorning re-aktsiyasi (masalan, og’riq sezishi) aniqlanadi. Bimanual (ikki qo’l yordamida), yuzaki (qorin bo’shlig’idagi a’zolar kasalligida paypaslash), chuqur (tekshirilayotgan a’zoni qo’l bilan chuqur bosib paypaslash) va boshqa xillari bor. Suyaklar, bo’g’imlar, muskullar, limfa tugunlari, o’smalar, yuza joylashgan kon tomirlar ham paypaslab tekshiriladi. O’pka kasalliklarini (masalan, zotiljam), homilador ayollarda homilaning katta-kichikligini aniqlashda Palpatsiyadan foydalaniladi. Qorindagi a’zolar: me’da, ichak, jigar, taloq, buyrakni tekshirishda Palpatsiya usuli muqim ahamiyatga kasb etadi, chunki bunda shu a’zolar haqida aniq fikrga ega bo’linadi.