Paraboloidlar

Paraboloidlar — 2-tartibli yopiq bo’lmagan sirtlar. Bir parabolani ikkinchisi bo’yicha ilgarilama harakatlantirib, Paraboloidlar hosil qilish mumkin. Buning uchun parabolalar yotgan tekisliklar o’zaro tik, o’qlari parallel, birinchi parabolaning uchi ikkinchi Parabola bo’ylab sirpanishi kerak. Bunda parabolalar bir tomonga yo’nalgan bo’lsa, elliptik paraboloid, turli tomonga yo’nalgan bo’lsa. giperbolik paraboloid hosil bo’ladi. Elliptik paraboloid tekislik bilan kesilsa, kesimda ellips va parabolalar; giperbolik paraboloid kesilsa, parabola, giperbola va o’zaro kesishuvchi to’g’ri chiziqlar yuzaga keladi. Giperbolik paraboloidni to’g’ri chiziqni harakatlantirib ham hosil qilish mumkin. Uning bu xossasidan me’morlikda foydalaniladi.