Pashshalar nima uchun shiftda oyog’ini yuqoriga qilib yuradi?

Biz tez-tez atrofimizda xonadon pashshalarini ko’ramiz va ularning g’aroyib mavjudotligi haqida o’ylab ko’rgan emasmiz. Pashshalarning g’ayrioddiy tomonlari ko’pki, gapni nimadan boshlashni bilmay boshimiz qotadi. Pashshaning tanasi uch qismdan: bosh, o’rta yoki ko’krak hujayrasi va qorindan iborat. O’rta qismiga uch juft oyoqlari birikkan. Oyoqlari besh qismdan tuzilgan, eng oxirgisi tovondir. Pashsha oyoq uchida, ya’ni tovonining ichki tomoniga birikkan changali ikki panjasi bilan yuradi. Changalli panjasining tagidagi yopishqoq dumboqchilar o’ziga xos yopishqoq suyuqlik ajratib chiqaradi. Dumboqchadan kelib turadigan mana shu suyuqlik sharofati bilan pashsha deyarli istagan balandlikda o’rmalab yuradi. U hatto shiftda oyog’ini yuqoriga qilib yura oladi hatto oyna yuzida ham bemalol o’rmalaydi. Pashshaning qarashi ham g’alati. Boshining har ikki tomonidagi ikkita malla sharcha uning ko’zidir. Har bir ko’zi minglab linzadan iborat. Har bir linza pashsha qarayotgan tomondagi umumiy manzaraning bir qismini qabul qiladi. Bunday ko’zlar juda murakkab bo’ladi. Boshining qoq uchida yana uchta ko’zi joylashgan, ularni faqat katta qilib ko’rsatadigan oyna tagida ko’rish mumkin. Xonadon pashshalarining mo’ylovchasi yoki antennasi hidni bilish a’zosidir. Bu antennalar hidni juda uzoqh masofadan seza oladi. Shuning uchun ham pashshalar qayerdan xushxo’r hid tarqalsa, o’sha yerda hoziru nozir bo’ladi.