Pavlodar viloyati
Pavlodar viloyati – Qozog’istondagi viloyat. 1938 yil 15 yanvarda tashkil etilgan. Maydoni 124,8 ming km2. Aholisi 854,2 ming kishi (1999). Asosan, qozoqlar, rus, ukrain, tatar, Belorus, moldavan, mordva, chuvash, udmurt,boshqird va b. millat vakillari ham yashaydi. Markazi — Pavlodar shahri. Tabiati. Pavlodar viloyati respublikaning shimoliy- Sharqiy qismida, o’rmonli dasht, dasht va chala cho’l zonalarida, Irtish daryosining o’rta oqimida joylashgan. Foydali qazilmalari: toshko’mir va qo’ng’ir ko’mir, mis va polimetall rudalari, ko’llarda osh tuzi va glauber tuzlari bor. Iqlimi keskin kontinental. Iyulning o’rtacha temperaturasi 20°-22°, yanvarniki — 19,5°, -17,5°. Yillik yog’in 220-320 mm. Vegetatsiya davri 167-178 kun. Eng yirik daryosi — Irtish; ko’l ko’p. Pavlodar viloyatining katta qismi to’q kashtan tuproqli chalovbetaga dashtidan iborat. Dashtlarda oq tovushqon, yumronqoziq, qo’shoyoq, bo’ri, tulki, latcha, to’rg’ay, bedana, o’rdak, balchiqchi qush yashaydi. Ko’llarda baliq turi ko’p. Xo’jaligi. Pavlodar viloyatida yirik sanoat, xususan, energetika, yoqilg’i, metallurgiya, mashinasozlik, kimyo sanoati, shuningdek, yengil va oziq-ovqat sanoatlari ustun turadi. Energetikasini viloyatdagi ekibastuz ko’miri, shuningdek, Kuznesk va Qarag’andadan keltirilgan ko’mir tashkil etadi. Konchilik viloyat sanoatining asosiy tarmog’idir. Ko’mir (Ekibastuz va Moykuben konlari) va rangli metallar hamda oltin (Mayqain, Bo’zshako’l), Irtish daryosi bo’yidagi ko’llardan tuz, Irtish vodiysidan o’tga chidamli gil va ohaktosh qazib olinadi. Deyarli barcha ishlov beruvchi sanoat korxonalari Pavlodarda joylashgan. Pavlodarda alyuminiy, ermakda ferroqotishma zavodlari va GRES, Omsk—Pavlodarchimkent neft quvuri va neftni qayta ishlash zavodi ishlab turibdi. Qishloq xo’jalikda g’allachilik yetakchi o’rinda, ozuqa, texnika ekinlari, kartoshka, sabzavot va poliz ekinlari ekiladi. Temir yo’l 574 kilometr, avtomobil yo’llari 8000 kilometrdan ziyod. Irtishda muntazam kemalar qatnaydi. Pavlodar havo yo’li orqali Pavlodar viloyatining barcha tuman markazlari va Qozog’iston viloyat markazlari hamda boshqa shaharlar bilan bog’langan. 2 oliy o’quv yurti, 3 muzey, teatr, Muyaldi balchiq kurorti, 3 dam olish uyi, 5 sanatoriy bor.