Pay

Pay — biriktiruvchi to’qimadan iborat pishiq tuzilma. Shakli va uzunligi (lenta yoki plastinka) har xil; muskullar Pay yordamida suyaklarga birikadi. Payning pishiq yoki cho’ziluvchanligi, qayishqokligi u paydo bo’lgan biriktiruvchi to’qimaga bog’liq. Pay shunchalik pishiqki, ko’ndalang kesimining 1 mm2 10 kilogramm, chanoqni bel suyagiga biriktirib turadigan Paylar 350 kilogramm, oyoq tagidagi uzun Paylar esa 200 kilogrammcha yuk ko’tara oladi. Bolalar payi juda nozik va egiluvchan bo’lib, yosh ulg’aygan sari hatto suyaklanib ketadi. Paylar, asosan, bo’g’im oldida joylashgani uchun turli tomonga harakat qilish imkonini beradi. Paylarning bir qismi statik funktsiyalar (gavdani tik saqlash va boshqalar)ni bajarishda ishtirok etadi. Keskin harakat qilganda Payda turli o’zgarishlar ro’y beradi, unga biror shikast yetishi natijasida Pay haddan tashqari cho’zilib ketganda, odatda, suyak to’qimasi bilan birga uziladi. Ko’proq boldir va oyoq panjasi bo’g’imi Paylari, ba’zan tizza, tirsak bo’g’imi Paylari shikastlanadi; bunda shikastlangan bo’g’im qattiq og’riydi, shishadi, harakat qiyinlashadi. Pay shikastlanganda darhol vrachga murojaat qilish, u kelguncha bo’g’imni bint bilan siqib bog’lab bo’g’imga orom berish, uni qimirlatmaslik kerak.