Pay cho’zilishi, distorsiya
Pay cho’zilishi, distorsiya -bo’g’imlardagi Layning shikastlanishi. Bunda pay yoki uning tolalari, ba’zan payning suyaklarga birikadigan qismi uziladi, lekin bo’g’imdagi suyaklarga shikast yetmaydi. Ko’pincha boldir-oyoq panjasi bo’g’imi paylari cho’ziladi. Paylar cho’zilganda qattiq og’riq paydo bo’ladi, bemor oqsab qoladi; bo’g’im atrofi shishadi, terisi ko’karadi, bo’g’imda harakat qiyinlashadi. Paylar uzilganda bemor oyog’ini bosa olmaydi, bo’g’imlari shishib ketadi, qon quyilishi mumkin. Pay cho’zilishiga ahamiyat bermay vrachga murojaat qilinmasa, shikast surunkali tus olib, kasallik uzoq vaqt bemorni bezovta qilishi mumkin. Pay cho’zilganda, birinchi navbatda, payi cho’zilgan bo’g’imni bint bilan siqib bog’lab, og’riq kuchli bo’lsa, bo’g’imga orom berish, uni qimirlatmaslik, zudlik bilan vrachga murojaat qilish kerak. To’g’ri davo qilinsa, bemor hech qanday asoratsiz tuzalib ketadi, aks holda, Pay cho’zilishi tez-tez takrorlanib turishi mumkin. Pay cho’zilishining oldini olish uchun (xususan, sportsmenlarda) muskul sistemasi tonusini bir maromda tutish, sport o’yinlari vaqtida elastik bint bilan bo’g’imni siqib bog’lab olish, maxsus sport poyabzali kiyish yoki tizzaband taqish tavsiya etiladi.