Payariq

Payariq (1991 yilgacha Narimonovka posyolkasi) — Samarqand viloyati Payariq tumanidagi shahar (1991 yildan), tuman markazi. Nurota tog’lari yon bag’rida joylashgan. O’rtacha 610 metr balandlikda.. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Ulug’bek (40 kilometr). Viloyat markazi (Samarqand)gacha -43 kilometr. Aholisi 11,5 ming kishi (2003). Payariq o’rnida 1880-yillarda Rossiyadan ko’chib kelib o’rnashib olganlarning qishlog’i bo’lgan va dastlab Fedorovka, Katalas deb atalgan. Payariq nomi tuman hududidan o’tgan «pay» arig’i nomidan olingan. Payariqda tuman hokimiyati binosi, ma’muriy va davlat idoralari, ishlab chiqarish korxonalari, avtokorxona, MTP, bozor, 3 umumiy ta’lim maktabi, qishloq xo’jalik kasb-hunar kolleji, madaniyat uyi, Markaziy kutubxona, madaniyat va istirohat bog’i bor. Markaziy kasalxona, tez tibbiy yordam bo’limi, poliklinika, 4 dorixona, optika do’koni mavjud.