Po‘latjon Qayyumov (1885-1964)

Po‘latjon Qayyumov (1885, Qo‘qon — 1964) — ma’rifatparvar pedagog, tarjimon. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi (1944). Aziz Qayumov va Laziz Qayumovning otasi. Madrasada, so‘ng rus-tuzem maktabida (1906) o‘qigan.

Yangi usul maktabi ochib, H.H.Niyoziy, A.Ibodiy, M.Xoliqiy, S.Majidiy va boshqalar jadid muallimlari bilan hamkorlik qilgan. «Tazkirai Qayyumiy» asarida 324 nafar o‘zbek shoirlarining hayoti va faoliyati haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan hamda ularning asarlaridan (10259 misra) namunalar keltirilgan.

«Xo‘qand tarixi va uning adabiyoti» asari Qo‘qon xonligi tarixi va adabiy muhiti vakillari ijodi haqida. Po‘latjon Qayyumov Furqatning qo‘lyozma devonini tuzgan (1959), Maxmurning 69 ta she’ridan iborat noyob qo‘lyozma devonini topgan (1950), buxorolik yozuvchi va olim Qori Rahmatulloh Vozehning «Tuhfat ul-ahbob fi tazkirat ul-ashob» tazkirasini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «Uch og‘ayni botirlar» ertagini yozib olgan va e’lon qilgan.

Qo‘qon shahridagi ko‘chalardan biriga Po‘latjon Qayyumov nomi berilgan.