Prus tili
Prus tili — Boltiq tillaridan biri, ba’zan uni nemis tilining prus shevalaridan farqlash uchun qadimgi prus tili deb ham atashadi. Prus tili Boltiqbo’yining Janubiy-sharqida, Visla daryosining sharqida tarqalgan; 2-ming yillikning boshlarida uning tarqalish hududi torayadi. 18-asr boshida esa Prus tili o’lik tilga aylanib, pruslarning avlodlari nemis tilida so’zlasha boshlaganlar. Prus tilining 14-16-asrlardan saqlanib qolgan yodgorliklari — 800 so’zli nemischa-pruscha, 100 so’zli pruscha-nemischa lug’atlar, bir qator hujjatlar, she’riy parchalar hamda nemis tilining prus shevalari va polyak tilidan o’tgan o’zlashmalar bu til haqida muayyan tasavvur uyg’otadi.