Qadimgi munajjimlar koinotni qanday tasavvur qilishgan?

Koinot haqida qanchalik ko’p bilganing sayin uni tasavvur qilishing shunchalik qiyinlashib boraverishi hayratlanarlidir. Bugun biz koinotga yer va Quyosh sistemasining boshqa sayyoralari bilan bir qatorda Quyosh sistemasining o’zi ham kiradigan somon yo’li galaktikasi, shuningdek, boshqa galaktikalar ham kirishini yaxshi bilamiz. Faqatgina bizning galaktikamizda milliardlab yulduzlar bor. Boshqa galaktikalarda qancha yulduz borligi esa yolg’iz Yaratganga ayon. Inson ahli hamma narsani bilishga qodir emas.

Qadim zamonlarda Koinot haqida tasavvurlar juda jo’n bo’lgan. Odamlar Quyosh, yulduzlar va sayyoralar yer atrofida aylanuvchi mayda jismlar deb o’ylashgan. Ular koinotni o’zlari ko’rmoq istagan shaklda deb bilishgan, ya’ni uning qoq markazida ulkan, tekis va harakatsiz yer turibdi, uning ustida ming-minglab chiroqchalar bilan bezatilgan osmon gumbazi yastanib yotibdi.

Koinotni ilmiy jihatdan o’rganishga intilishlar ilk marta qadimgi Yunonistonda paydo bo’ldi. Aksariyat yunon munajjimlari hali-hamon yer harakatsiz va Koinot markazida turadi, deb hisoblashar edi. Biroq mashhur olim Pifagor meloddan avvalgi VI asrda yer shar shaklida, deb taxmin qildi.

Meloddan avvalgi III asrda yashagan Aristarx, yer o’z o’qi atrofida, shu bilan birgalikda harakatsiz Quyosh atrofida aylanadi, degan fikrni ilgari surdi. Oradan yuz yil o’tib, boshqa bir qadimgi yunon munajjimi Ptolemey «Almagest» degan kitob yozdi. U, Koinot markazida yer turadi, degan yanglish nuqtai nazarga qaytib, Quyosh va boshqa sayyoralarning orbitasini yer atrofida to’xtovsiz harakatda holda tasvirlashga intildi. Koinotning u yaratgan manzarasi Yevropa ilm-fanida bir necha asrlar hukmronlik qilib keldi. Faqat 1543 yilga kelib, Nikolay Kopernik Koinotning markazida Quyosh turishi to’g’risidagi g’oyani qaytadan olg’a surdi. So’ngra teleskop kashf etildi va astronomiya fani taraqqiyoti tezlashib ketdi. Keyinchalik insoniyat asta-sekin bizni o’rab turgan Koinot to’g’risida ko’proq narsalarni bilib ola boshlagach, u haqdagi zamonaviy tasavvurlar vujudga keldi.