Qizil va oq gullar urushi

Qizil va oq gullar urushi (1455-85) — Angliya taxti uchun plantagenetlar sulolasining 2 yo’nalishi: Lankasterlar (Genrix VI; gerbida — qizil gul) va Yorklar (Eduard IV, Richard III; gerbi — oq gul) o’rtasidagi o’zaro urush. Lankasterlarni iqtisodiy qoloq shimoliy va Uels baronlari, yorklarni iqtisodiy taraqqiy qilgan Janubiy Sharqning yirik zodagonlari, dvoryanlar hamda shaharlik boylar qo’llab-quvvatlashgan. Urushda ikkala sulola asosiy vakillari o’limidan keyin taxtni Tyudorlar sulolasi egallagan. Genrix VII Tyudor qirol bo’lib Tyudorlar sulolasiga asos solgan. U Yorklar vorisi Eduard IV ning qiziga uylanib, gerbida qizil va oq gullarni birlashtirgan.