Qo’riqxona
Qo’riqxona — belgilangan qonunlarga muvofiq, davlat tomonidan ajratnlgan, alohida ilmiy yoki malaniy ahamiyatga ega bo’lgan (tipik yoki noyob landshaft, o’simliklar va hayvonot dunyosi, foydali qazilmalar va boshqalar), tabiiy ob’yekt joylashgan yer (hudud) yoki suv kengliklari; ilmiy tadqiqot va madaniy-ma’rifiy maqsadlar uchun uzoq muddatga ajratilgan va to’laligicha xo’jalik ishlaridan xoli tabiiy majmua. 20-asrning 90-yillarida BMTning «Milliy bog’lar va ular maqomidagi qo’riqxonalar ro’yxati»ga 2618 alohida qo’riqlanadigan hududlar (yer maydoni 4 million km2 dan ortiq va yer yuzidagi quriqlikning 3% ini tashkil qiladi) kiritilgan. Qo’riqxona hududi va uning atrofidagi belgilangan chegaradagi muhofaza qilinadigan zonalarda Qo’riqxona tabiiy majmuasiga zarar yetkazadigan yoki tabiiy ob’yektlarga xavf tugdiradigan har qanday faoliyat (ov qilish, balshq tutish, daraxt kesish, foydali qazilmalarni kavlash, o’t o’rish, mol boqish va boshqalar), shuningdek, Qo’riqxona faoliyati bilan bog’liq bo’lgan sanoat va qishloq xo’jalik ob’yektlari qurilishi ham taqiqlanadi. Qo’riqxona hududiga ma’muriyatning ruxsatisiz begona odamlar kiritilmaydi. O’zbekistonda Qo’riqxonalarning tashkil qilinishi, faoliyati, ta’minoti va muhofazasi O’zbekiston Respublikasining 2004 yil 3 dekabrdagi «muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to’g’risida»gi qonuni bilan tartibga solinadi. Qo’riqxonalarda reja asosida ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi, tabiat yilnomalari, ilmiy hisobotlar (yillik, besh yillik) tuziladi, tavsiyanomalar, Qo’riqxona hududi va milliy bog’larda qo’riqxona tartibiga rioya qilish talab va qoidalari ishlab chiqiladi. O’zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi, Qishloq va suv xo’jaligi vazirligining Ovchilik xo’jaliklari, qo’riqxonalar va milliy bog’lar boshqarmasi, Geologiya va mineral resurslar davlat qo’mitasi tasarrufida 8 ta davlat qo’riqxonasi bor: Zomin tog’-o’rmon davlat qo’riqxonasi, Badayto’qay davlat qo’riqxonasi, Qizilqum davlat qo’riqxonasi, Zarafshon davlat qo’riqxonasi, Surxon davlat qo’riqxonasi, Hisor davlat qo’riqxonasi, Chatqol biosfera qo’riqxonasi, Kitob davlat geologiya qo’riqxonasi. O’zbekistonda, shuningdek, milliy bog’ va buyurtma qo’riqxonalar faoliyat olib boradi.