Qurtxona

Qurtxona — tut ipak qurti boqiladigan bino yoki xona. Kapital, yarim kapital va yengil tipdagi Qurtxonalarga bo’linadi. Kapital Qurtxona g’ishtdan, oynali qilib qurilib, poli loy va qum bilan suvaladi; isitish qurilmalari o’rnatiladi. Yarim kapital Qurtxona karkas tipdagi uylardan iborat, xom g’isht, paxsa devorli bo’lib, kichik va katta yoshdagi qurtlar boqiladi. Yengil tipdagi Qurtxona karkasli, qamish, fanera, brezent, polietilen va boshqa yengil materiallar bilan yopiladi, katta yoshdagi qurtlarga mo’ljallangan bo’ladi. Har bir Qurtxonada 3, 5, 10, 15, 25 quti qurt boqiladi. Qurtxona yer osti suvi chuqur, katta yo’ldan uzoq (shovqini kam), tut plantatsiyalariga yaqin erga quriladi. Qurtxona ko’p xonali bo’lib, kichik (1-, 2-, 3-) va katta (4-, 5-) yoshdagi qurtlar boqiladigan, etilgan pilla saralanadigan, barg tayyorlanadigan bo’linmalar, barg vaqtincha saqlanadigan 1 — 1,5 metr chuqurlikda betonlangan yerto’la tipidagi xonalari ham bo’ladi. Qurtxonalar zarur anjomlar (so’kchaklar, ventilyator, pechka va boshqalar) bilan jihozlanadi. Qurt boqishdan oldin Qurtxona tozalanadi, dezinfektsiyalanadi, shamollatiladi. Ayrim joylarda Qurtxona sifatida xo’jaliklarning jamoat binolari (ombor, quritish xonalari va boshqalar), xonadonlardagi bo’sh xonalardan vaqtincha foydalaniladi.