Qushlarga pat na hojat?

Evolyusiya ilmi buni shunday ta’riflaydi: juda ko’p yillar oldin qushlar reptiliyalar oilasiga mansub bo’lgan. Ammo o’z rivojlanish jarayonida ular bu yo’ldan chetga chiqqanlar, tangachalar patga aylangan. Gap shundaki, pat — moddaning bor-yo’g’i o’zga bir shakli bo’lib, u boshqa hayvonlarda tuyoq, shox va dum tarzida namoyon bo’ladi. Pat uchi tomon torayib boradigan o’zakdan iborat. Yuqori, ingichkaroq qismi nayza deyiladi, quyi qismi esa poy yoki dasta deyiladi. Poy ichi kavak bo’lib, u orqali patning o’sish davrida oziq moddalar kelib turadi. Qush patlarining rangi pigmentlarni hosil qiladigan moddalarga bog’liq. Ayrim ranglar patlar yuzasining nurni sindirishidan hosil bo’ladi. Qushlarning tusi ham ular yeydigan ovqatga bog’liq. Masalan, tuxumdan chiqqan payti ayrim kanareykalar ovqatiga ozroq qizil qalampir qo’shib berilsa, sariq o’rniga och pushti patlar bilan o’raladi. Qushlar har yili uz patlarini yangilaydi. Tullash deb ataladigan davrda ko’pgina qushlar bir martaning o’zidayoq anchagina patlarini to’kib yuboradi. Ular yana tezda o’sib chiqadi. Patlarning ikki turi mavjud. Tananing tashqi ko’rinishini shakllantirgan patlar «tashqi shakli patlari», quyi qismidagi momiqlari «par» deyiladi. Qushcha tuxumdan ochib chiqqanda uning tanasi par bilan qoplangan bo’ladi. Tez orada u doimiy patlarga o’rin bo’shatib beradi, u ham par o’sib chiqqan hujayra teshiklaridan o’sib chiqadi. Patlarning tuzilishi va o’lchami qushlarning turmush tarzi bilan uzviy bog’liq. Boyo’g’lining patlari, masalan, yumshoq va momiqdir, bu uning sas chiqarmasdan, ammo, sekin uchishiga imkon yaratgan. Boshqa tomonlama, qarchig’ayning patlari kalta va tanasiga yopishib turadi, natijada havo kam qarshilik ko’rsatadi va u katta tezlik bilan parvoz qiladi. Suvda suzuvchilarning patlari yog’simon suyuqlik tufayli yumshab turadi, shu bois ularga suv yuqmaydi.