Qutlibeka Rahimboyeva (1952)
Qutlibeka Rahimboyeva 1952 yil 9 fevralda Turkmaniston Respublikasiga qarashli Toshhovuz shahrida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1994). Farg‘ona pedagogika institutining filologiya fakultetini tamomlagan (1974).
O‘rta maktabda, Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida, «Saodat» jurnali va “Gulchehralar” gazetasida xizmat qilgan.
1976 yil O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonim Qutlibekaning ilk she’riy turkumiga «Saodat» jurnalida «oq yo‘l» berib, yosh shoiraning mashqlarida jamiyatni anglashga, uni tahlil qilishga intilish ustuvor ekanligini qayd qilgan edi.
Dastlabki she’riy to‘plami — «Yuragimda ko‘rganlarim» (1981). Shundan so‘ng shoiraning «Uzun kunduzlar» (1984), «Uyg‘onish fasli» (1989), «Ozodlik» (1998), «Ko‘ksimdagi Tangritog‘» (2000), “Qorako‘zlarim” (2012) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
U she’rlaridagi lirik «men» — O‘zbekiston va o‘zbekning dardu quvonchlari aro kuyunib, suyunib yashayotgan armonli, g‘ururli, oriyatli shaxs. U — qullik, qaramlikka murosasiz, erk uchun kurashchi, ammo o‘z millatiga sadoqati keng, kechirimli.
Shoiraning «Qishning oxirlari» dostonida «o‘zbeklar ishi» fojealari umumlashtirilgan bo‘lsa, «Tavba» dostonida umr bo‘yi ikki xil hayot kechirgan, ikki xil qiyofada yashab, jamiyat manfaatlari yo‘lida o‘zini qurbon qilgan majruh bir inson haqida, uning ruhiy azoblari-yu, fojeali taqdiri to‘g‘risida bahs boradi.
“Tohirning Zuhrosi” nomli dramatik asari O‘zbekiston radiosida sahnalashshtirib, bir necha bora efirga uzatilgan. Lesya Ukrainka, Marina Svetayeva, Anna Barkova, Alfonsina Storni kabi shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Bir qator she’riy turkumlari uchun u bir necha bor «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining, «Sharq yulduzi» jurnalining hamda Moskvada chop etiladigan «Smena» oynomasining mukofotini olgan.
«Shuhrat» medali sohibasi (1999).