Quturish
Quturish — neyrotrop virus qo’zg’atadigan o’tkir yuqumli zoonoz kasallik; tomir tortishishi, falajlik, hiqildoq va nafas muskullarining spazmi bilan kechadi. Quturish qadimdan ma’lum, uni suvdan cho’chish kasalligi deb ham atashgan. Frantsuz olimi Lui Paster 19-asrning 2-yarmida Quturish kasalligiga qarshi vaktsina kashf etdi, shu sababli Quturishga qarshi tadbirlarni amalga oshiradigan barcha muassasalar Paster Stantsiyalari deb yuritila boshlandi. Ularning faoliyati tufayli quturgan hayvon tishlaganidan so’ng vaqtida emlangan millionlab odamlar hayoti saqlanib qolindi. Qo’zg’atuvchisi quturishning yovvoyi virusi, u nerv hujayralarini tanlab jarohatlaydi. Virus sovuqqa chidamli, muzlatilganda uzoq saqlanadi. Tashqi muhitda, shuningdek, qaynatilganda, 3-5% li lizol, xloramin eritmalarida tez nobud bo’ladi. Kasallikning yashirin davri hayvonlarda 14-16 kun. Shundan keyin bezovtalik, yirtqichlik. xatti-harakatning o’zgarishi, ko’p so’lak ajralishi kuzatiladi. Hayvon hech narsa ichmay, yemay qo’yadi. So’ngra tomir tortishishi, falajlik boshlanib, hayvon o’lib qoladi. Odamga quturish virusi kasal hayvon, asosan, it, mushuk va boshqalar tishlaganida, yoki so’lagi teri yuzasiga tushgashia yuqadi. Odamda Quturish kasalligining yashirin davri 15 kundan bir necha oygacha (o’rtacha 20— 30 kun). Quturgan it bo’yin, yuzni tishlaganda bu davr qisqaroq, oyoqni tishlaganda uzoqroq bo’ladi. Kasallik kechishida 3 davr kuzatiladi: Darakchi davr — odatda kasallik asta-sekin boshlanadi, lohaslik, bosh og’rishi, biroz isitma ko’tarilishi kuzatiladi. Bemorning kayfiyati o’zgaradi, hech narsa yoqmay, yolg’izlikni istaydi; ovqat yemaydi. Tishlangan joydagi yara bitib ketgan bo’lsa ham o’sha sohada og’riq paydo bo’lishi muhim belgi hisoblanadi; qo’zg’olish (besaranjomlik) davri — nafas olish azobga aylanadi. Bemor jonsarak, behalovat bo’lib qoladi. Muskullari, xususan, yutqin va hiqildoq muskullari tirishadi; salgina shamol yoki bir oz ta’sirot tufayli xuruj takrorlanaveradi. Nafas olish qiyinlashadi, gidrofobiya, aerofobiya alomatlari paydo bo’ladi. So’lagi ko’p oqadi. Isitma ko’tariladi (39-40° gacha). Tirishish vaqtida nafas to’xtab, kishi o’lib qolishi ham mumkin; falajlanish davri — bunda muskullar falajlanib, bemor tinchib qoladi, lekin hushi saqlanadi. Falajlanish pastdan yuqoriga ko’tarilib boradi va yurak to’xtashi, nafas markazi falajlanishi oqibatida o’lim sodir bo’ladi. Quturishning oldini olish uchun xonadonda boqiladigan itlar ro’yxatga olinishi va profilaktik tarzda quturishga qarshi emlanishi lozim. Odamni tishlagan it ma’lum bo’lsa, u veterinar nazoratida 10 kun ushlab turiladi. Agar u quturgan bo’lsa, shu muddat ichida o’ladi. It tishlagan odamga tibbiy yordam poliklinikalar qoshidagi travmatologiya punktida ko’rsatiladi. It tishlaganda darhol shu punktlarga murojaat qilish, ungacha tishlangan sohani darhol sovunlab yuvish va atrofiga yodning spirtli eritmasini surtish kerak. Hosil bo’lgan yara tikilmaydi. Iloji boricha ertaroq Quturishga qarshi kultural vaktsina yuborishni boshlash kerak, shunda emlash boshlanganidan 2 hafta o’tgach, immunitet paydo bo’lishi mumkin.