Quyosh nega nur sochadi?

Kechasi nur sochadigan yulduzlar va kunduzi olamni munavvar etadigan Quyosh bir xil ekaniga ishonish qiyin.

Quyosh ham Yerga eng yaqin yulduzdir. Yerdagi hayot Quyoshga bog’liq ekanini hammamiz yaxshi bilamiz. Quyosh nuri taftisiz Yerda hayot vujudga kelmas edi. Quyosh nuri taftisiz o’simliklar ham, hayvonlar ham, odamlar ham bo’lmas edi.

Quyosh diametri – ko’ndalang o’lchami 1 400 000 km.lik yulduzdir. Bu ko’rsatkich Yerning diametridan 109 marta katta.

Quyosh bilan Yer o’rtasidagi masofa 150 000 000 km.dir. Quyoshning massasi Yernikidan 1 300 000 marta og’irdir. Lekin, qizig’i shundaki, Quyosh Yer singari qattiq jism emas.

Buni isbot qilish oson: Quyosh yuzasidan temperatura Tselsiy shkalasi bo’yicha 6000 darajaga yetadi. Bunday issiqlikda har qanday metal yoki tosh gazga aylanib ketadi, shuning uchun Quyoshning tarkibi gazdan iborat!

Ilgari olimlar quyosh nuri, taftish yonish natijasida paydo bo’ladi, deb hisoblashar edi. Ammo Quyosh yuzasi yuz millionlab yillardan beri haddan tashqari issiq bo’lib kelayotgani inobatga olinsa, hech narsa bu qadar uzoq yonmasligi ma’lum bo’ladi.

Bugungi kunda olimlar Quyosh atom bombasidagi kabi holatda issiqlik ajratib chiqaradi, degan xulosaga kelishdi. Quyosh materiyani energiya – quvvatga aylantirib beradi.

Bu jarayon yonishda farq qiladi. Yonish vaqtida materiya bir holatdan ikkinchi bir holatga o’tadi. Katta miqdordagi energiyani hosil qilish uchun juda oz miqdordagi materiya kifoya qiladi. 28 gramm materiya ajratib chiqaradigan energiya 1 million tonnadan oshiq tog’ jinslarini eritish uchun yetarlidir.

Agar fanning fikri to’g’ri bo’lsa, Quyosh materiyaning energiyaga aylanish jarayoni doimiy bo’lgani uchun ham nur sochadi. Quyosh massasining bir foizigina u 150 mlrd yil davomida hozirgiday issiq bo’lib turishi uchun yetadi! Baribir, Quyosh ko’rinib turadigan yulduzlar ichida eng kattasi emas. Hisob-kitoblarga qaraganda, o’ta katta yulduz Betelgeyzening diametri Quyoshnikidan 850 barobar kattadir. Vaholanki, munajjimlarning fikricha, u ham eng katta yulduz emas. Quyoshga nisbatan kichikroq yulduzlar “mittivoylar” deb ataladi. Eng kichik yulduzlar esa oq mittivoylardir.