Quyosh toji nima?

Biror marta Quyoshning tutilgandagi suratini ko’rganmisiz? Suratdaa Quyoshning qora gardishi atrofida olov tillariga o’xshsh narsa ko’zga tashlanadi va u toj deb ataladi.

Quyosh ham yulduzdir. Boshqacha aytganda, u o’zidan nur taratadi. Albatta, buning uchun katta miqdordagi energiya – quvvat talab qilinadi. Quyosh bu quvvatni qayerdan oladi? Olimlarning fikricha, Quyoshning markaziy, eng issiq qismida joylashgan vodorod atomlari o’sha quvvat manbaidir. Ular osha qismda birlashib, termoyadro reaksiyasi natijasida geliy atomlariga aylanadi. Oqibatda katta miqdordagi energiya ajralib chiqadi va u Quyosh yuzasiga chiqib, yorug’lik bo’lib, fazoga tarqaladi. Quyosh, to vodorod zahiralari tugamaguncha, sizu bizning boshimiz uzra porlab turaveradi.

Bizning tasavvurimizda Quyosh nuri hamisha birday yorqinday tuyuladi. Aslida shundaymikin? Bu savolga javob shuki, Quyosh tuzilishi o’ziga xos xususiyatga ega.

Avvalo, u Yer singari qattiq jism emasligini unutmaslik kerak. U o’z o’qi atrofida aylansa-da, uning turli qismlari turlicha tezlik bilan harakat qiladi. Uning ekvatoridagi nuqta o’q atrofida 29 kecha-kunduzda bir marta aylanib chiqsa, qutbdagi nuqtaga buning uchun 34 kecha-kunduz kerak bo’ladi.

Quyoshning toj deb ataladigan tashqi qatlami yengil va siyrak gazlardan iborat. Uning tashqi qismi oq tusda bo’lib, shu’lalari taralib turadi. Bu shu’lalar millionlab kilometrlarga cho’zilgan bo’lib, Quyosh yorqinligiga, oz bo’lsa-da, sezilarli ta’sir ko’rsatadi.

Toj ostida Quyosh atmosferasining boshqa bir qatlami – xromosfera mavjud. Uning qalinligi 15 000 kilometrdir. Bu qatlam, asosan, vodorod va geliydan iborat. Unda vaqti-vaqti bilan protuberanslar – to’satdan sovib ketgan ulkan modda oqimi paydo bo’ladi va Quyosh tojiga yorib chiqadi. Protuberanslar, odatda, balandligi 1 500 000 kilometrlik ark ko’rinishiga ega bo’ladi. Ular ham Quyoshning nechog’li yorqin nur sochishiga ta’sir ko’rsatadi. Quyoshning o’rab turgan qatlamlarning tavsifi, asosan, shudir. Ularning ostida nima borligi hozirgacha jumboq bo’lib qolmoqda.