Radiopriyomnik

Radiopriyomnik (radio… va ruscha priyomnik — qabul qilgich) — radiouzatkich yordamida fazoga tarqatilgan radioto’lqinlarni qabul qiladigan va kuchaytirib beradigan qurilma. Birinchi bo’lib A. S. Popov qabul qilingan signallarni telegraf lentasiga yozib olish uchun o’z apparati sxemasiga morze apparatini ulagan. 1902 yilda Markoni firmasi (Italiya) magnitli detektor ishlab chiqardi. 1905 yilda R. Feosenden (AQSh) elektrolitli detektor yaratdi, 1906-08 yillarda kristalli detector keng tarqaldi, natijada detektorli priyomniklar yasaldi. Rus radiohavaskori O. V. Losev 1922 yilda Radiopriyomnikning yangi tipi — kristalini yaratdi. Katodli lampalar ishlab chiqarilgandan so’ng elektron lampali Radiopriyomnik yaratildi. Dastlabki lampali Radiopriyomnik Angliya va Frantsiyada 1915 yilda paydo bo’ldi. Keyinchalik regenerativ Radiopriyomnik, supergeterodin Radiopriyomnik, refleks Radiopriyomnik yaratildi. 20-asr 50-yillarida tebranishlarni generatsiyalash va kuchaytirish uchun yarimo’tkazgich asbob (tranzistor) lardan keng foydalanila boshlandi. Keyinchalik bosma sxemali Radiopriyomniklar rasm bo’ldi. Radiopriyomnik antennasida turli radioto’lqinlardan hosil bo’lgan e.yu.k. ichidan radiostantsiya kerakli signallarni ajratadi, kuchaytiradi va tovush eshittirish apparati (radiokarnay, telefon, telegraf apparati va boshqalar)ga ta’sir qiluvchi ancha past chastotali e.yu.k.ga aylantiradi (detektorlaydi). Bu funktsiyalarni Radiopriyomnik tarkibiga kiruvchi, kerakli chastotaga sozlovchi chastotali selektiv rezonans zanjirlari (tebranish konturli elektr filtrlar, hajmiy rezonatorlar), elektr tebranishlarini kuchaytirgichlar va detektorlar bajaradi. Bulardan tashqari, Radiopriyomnikda avtomatik rostlash zanjiri, qabul qilingan axborotlarni eshittirish (karnay, kineskop) va Radiopriyomnik ishini tekshirish (o’lchash asboblari, indikatorlar) jihozlari bo’ladi. Qabul qilinadigan signallarni modulyatsiyalash (o’zgartirish) turiga qarab, Radiopriyomnik detektorli, amplitudali, chastotali, fazali yoki boshqa tipda bo’lishi mumkin. Radiopriyomnik ishining asosiy ko’rsatkichlari: sezgirligi — kuchsiz radiosignallarni qabul qilish xususiyati; selektivligi — foydali signallarni begona radiochastotali tebranishlar (radioxalaqitlar)ni bir necha martagacha pasaytirib, ulardan ajratib olish xususiyati; barqarorligi — qo’shimcha operasiyalarni, masalan, sozlash, qayta ulash va boshqalarni bajarmay uzluksiz qabul qilishni ta’minlash xususiyati. Radiopriyomnik vazifasiga (radioeshittirish, televizion, aloqa, radiolokatsion va boshqalar), radioto’lqinlarni qabul qilish usuliga (supergeterodin, regenerativ va boshqalar), ish turiga (telegraf, telefon radiopriyomnigi va boshqalar), modulyatsiyalash usuliga, qabul qiladigan radioto’lqinlar diapazoniga, energiya bilan ta’minlanish usuliga (o’zgaruvchan tok tarmog’i, batareya va boshqalar) qarab xillarga ajraladi. Har qanday Radiopriyomnik quvvati, sezgirligi, signallarni tanlovchanligi va boshqa xususiyatlar bilan ifodalanadi.