Radiotelemexanika
Radiotelemexanika — boshqarish komandalari va nazorat (signal berish va o’lchash) axborotlarini uzatish uchun radioaloqa kanallaridan (ko’proq santimetrli, desimetrli to’lqin diapazonida) foydalaniladigan telemexanika sohasi. Qo’llaniladigan radiotexnik va elektron qurilmalar kompleksi Radiotelemexanika tizimiga birlashtiriladi . Radiotelemexanik tizimlar turli komanda informatsiyalari uzatiladigan radioboshqarish, nazorat informasiyalari uzatiladigan radioteleo’lchash va kompleks tizimlarga bo’linadi. Radiobosh qarish tizimlarida operator (dispetcher)dan ob’yektga komanda uzatilganda boshqarish pultida operator tergan komanda kodi ketma-ket elektr impulslariga, so’ngra fazali, amplitudali yoki chastotali modulyatsiya metodi bilan radiosignallarga aylanadi. Radioteleo’lchash yoki radiotelemetriya tizimlarida o’lchash o’zgartirgichi (datchik) qabul qilish organi bo’lib xizmat qiladi, uning chiqish qismida o’lchanadigan kattalikka mos kuchlanish hosil bo’ladi. Bu kuchlanish chastota, amplituda, faza yoki impuls bo’yicha modulyapiyalanib, avval yordamchi signalga, so’ngra ikkinchi modulyatorda yuqori chastotali radiosignalga aylantiriladi. Ko’pgina umumlashtirilgan ob’yektlarni o’z ichiga oluvchi kompleks tizimlarda kanallarni adres (kod) bo’yicha taqsimlashdan foydalaniladi. Boshqarish turiga qarab, Radiotelemexanika ochiq va yopiq tizimli bo’lishi mumkin. Ochiq Radiotelemexanika da operator qatnashadi. Masalan, Yer sun’iy yo’ldoshlari asboblarini nazorat qilishda operator belgilangan vaqtda uzatkichni ulaydi va sun’iy yo’ldoshdagi Radiotelemexanika tizimini ishga tushirish uchun komanda signallarini yuboradi. Sun’iy yo’ldoshdan kelgan signallarga qarab, bortdagi apparatlarning ishi nazorat qilinadi. Yopiq Radiotelemexanika tizimida operator qatnashmaydi, uning vazifasini avtomatik elektron boshqarish qurilmasi bajaradi. Radiotelemexanika kosmik kemalar, samolyotlar, reaktiv snaryadlar, raketalar, sayyoralararo stansiyalar, kemalar va boshqalarni boshqarish, qo’zg’almas va harakatdagi ob’ektlarda o’tadigan turli jarayonlarni bir maromga solib turish, o’lchash natijalarini zarur joyga uzatish uchun qo’llaniladi.