Radioteleskop

Radioteleskop (radio… va teleskop) — osmon (Quyosh sistemasi, Galaktika va Metagalaktikadagi) jismlarining xususiy radionurlanishlarini qabul qiladigan va bu manbalarning xossalarini o’rganadigan astronomik asbob. Radioteleskop antenna va kabul qiluvchi qurilmaradiometrdan tuzilgan. Radioastronomiyada foydalaniladigan to’lqin uzunliklari diapazoni juda keng (0,1 millimetrdan 1000 metrgacha) bo’lgani tufayli Radioteleskop antennalarining tuzilishi ham turli-tuman bo’ladi. Antennalar osmonning kuzatiladigan sohasiga yo’naltirilishi uchun azimut bo’ylab buriladigan (to’la buriluvchi antennalar), qisman buriladigan yoki qo’zg’almas (juda katta) qilib o’rnatilishi mumkin. Qisqa to’lqinli nurlanishlarda parabolik ko’zgu antennalar yoki ularning bir nechtasidan iborat tizimlar (panjaralar) dan foydalaniladi. Priyomnikda kuchaytirilgan va detektirlangan elektr tebranishlar maxsus asboblar (miliampermetr, ossillograf) bilan qayd qilib boriladi. Bunda asbob ko’rsatishi yerga tushayotgan kosmik radionurlanishning qiymatini o’lchashga imkon beradi.