Rasht

Rasht — ilk o’rta asrlarda Tojikistonning garm viloyati hududida joylashgan shahar va viloyat (6-14-asrlar). Termizdan 60 farsax masofada bo’lgan. 8-asr oxirida barmakiylar avlodi Fadl ibn Yah’yo (Xolid ibn Barmak nabirasi) Rashtda, turkiylar bilan chegaradosh yerda, mustahkam devor va darvoza qurdirgan. Rasht shahri hozirgi Garm shahri o’rnida bo’lgan. Rashtga qo’shni xat qishlog’idan ilk o’rta asrlarga oid tangalar xazinasi topilgan, ularning ichida 630-yilga oid Vizantiya imperatorining surati tushirilgan oltin tanga va 7— 8-asr boshiga oid Xitoy ko’zgusi bor. Bu topilmalar Rasht orqali Buyuk ipak yo’li o’tganligidan va u Yunon-Baqtriya davrida ham mavjud bo’lganligidan dalolat beradi. 10-asrda Rashtda zarbxona bo’lib, unda Somoniylarning dirhamlari chiqarilgan. Bu esa Rasht atrofida kumush konlari bo’lganligini bildiradi. V. Bartoldning fikriga ko’ra, Rasht viloyati 15-asrdan boshlab Qorategin deb atala boshlagan. Ad.: Kamaliddinov Sh. S, Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toxaristana po araboyazichnim istochnikam IX — nachala XIII vv., T., 1996.