Referat
Referat (lotincha refero — axborot beryapman) — biror ilmiy asar, maqola, o’qilgan kitob va shu kabillar mazmunining qisqacha yozma yoki og’zaki bayoni; o’rganilgan ilmiy masalaning natijasi haqida axborot; tegishli adabiyot va boshqa manbalarning qisqartirilgan sharxli tahlilini o’z ichiga olgan ma’lum mavzudagi Ma’ruza. Referat, odatda, ilmiy axborot vazifasini o’taydi. Unda muayyan mavzu yoritilishi bilan birga, tegishli ilmiy nazariyalar, ilmiy xulosalar tahlil etilishi va tanqid qilinishi mumkin. O’zbekistonda Referat ilmiy tadqiqot muassasalari, oliy o’quv yurtlari, akademik litseylar, kasbhunar kollejlari, umumiy ta’lim maktablarida ko’p qo’llaniladigan didaktik vositadir. Umumiy o’rta ta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar o’quvchilari hamda oliy o’quv yurtlari talabalarining fakultativ mashg’ulotlardagi maxsus axborotlari ham Referat deyiladi. Dissertatsiya yuzasidan tayyorlanadigan Referat (avtoreferat) da dissertatsiyaning asosiy mazmuni va xulosalari ifodalanadi. Ro’zmon Keldiyorov