Rembrandt Xarmens van Reyn

Rembrandt Xarmens van Reyn (Rembrandt Harmensz van Rijn) (1606.15.7, Leyden — 1669.4.10, Amsterdam) — golland rassomi; golland va jahon realistik rangtasviriga kuchli ta’sir ko’rsatgan mo’yqalam, rasm va gravyura ustasi. Rembrandt ijodi voqelikni va inson ichki dunyosini uning barcha ruhiy kechinmalari bilan teran falsafiy idrok etish bilan yo’g’rilgan. Rembrandtning novatorlik san’ati obrazlarning hayotiyligi bilan ajralib turadi. Rembrandt Leyden universitetida qisqa muddat tahsil ko’rgach (1620), o’zini san’atga bag’ishladi. Leydenda Ya. Van Svanenbyurx (1620-23) va Amsterdamda P. Lastman (1623)dan rangtasvirni o’rgandi. 1625— 31 yillar Leydenda ishladi, bu davr ijodiy izlanishlar davri bo’ldi. «Avliyo Pavel» (taxminan 1629-30) va «Simon ibodatxonada» (1631) asarlarida Rembrandt ilk bor obrazlarning ko’tarinki va hissiy jo’shqinligini ifodalashda nursoyani qo’lladi; portret ustida izlandi, ko’plab avtoportret va portretlar turkumini yaratdi. 1632 yildan Amsterdamda yashagan. 30-yillarda yaratgan asarlari («doktor Tyulpning anatomiya darsi», 1632; «Saskiya bilan avtoportret», 1635 va boshqalar)da guruh portret yaratish masalasini yangicha hal etdi, hayot zavqi, kishilar kayfiyatini katta mahorat bilan ifodaladi. Buyurtma portretlarni o’ta aniq, ijtimoiy xususiyatlari bilan ishlagan rassom yaqinlarining portretlarini chizishda, asarning ruhiy va ta’sirchanligini oshirishda erkin ijod qildi. 40-yillarda Rembrandtning erkin intilishlari, realizmi, demokratikligi golland kiborlarining talablariga zid keladi, ayniqsa, vatanparvarlik kayfiyati aks etgan asarlari (jumladan, «tungi soqchilar», 1642)dan keyin ziddiyat yanada kuchayadi. 40-yillarda Rembrandt ijodidagi tashqi ta’sirchanlik va unga xos bo’lgan jo’shqinlik yo’qoldi, sokin, iliqlik bilan yo’g’rilgan asarlar yaratildi («David va Ionafan», 1642; «muqaddas oila», 1645 va boshqalar), ularda ichki kechinmalar, mehnat ahlining ko’rki, ma’naviy boyligi, tabiat manzarasi jozibador aks ettirildi. Rembrandt grafikasida ham rangtasvirida bo’lganidek nozik nursoya o’yini alohida emosional muhit yaratishda katta ahamiyatga ega bo’ldi («bemorlarni davolayotgan Iso» yoki «100 guldenlik qog’oz» grafika varag’i, taxminan 1642— 46; havo va nur harakatiga to’liq manzarali «Uch daraxt» oforti, 1643). 50-yillardagi hayotining og’ir sinovlari davrida Rembrandtning ijodiy barkamol davri namoyon bo’ldi. Ko’proq portret janriga murojaat qilgan rassom ijodida oddiy odamlar keng o’rin ola boshladi (2-xotini Xendrike Stoffels portretlari; «o’g’lim Titus mutolaada», 1657; «Burgamistr Yan Siks» 1654 va boshqalar), armon va yo’qotishlarga to’liq keksalar hayoti uning diqqatini tortdi («rassom akasining xotini», 1654; «qizil kiyimdagi mo’ysafid», taxminan 1652-54 va boshqalar), qo’l va yuz qiyofalariga e’tiborini qaratadi, obrazlarning qorong’ilikdan mayin nur og’ushida chiqib kelishi orqali rassom obrazlarning teran ruhiy holatini berishga erishadi. 60-yillarda Injil mavzuidagi kompozitsiyalarida o’ta dramatik holatlarga murojaat qiladi («Assur, Aman va esfir», 1660; «David va Uriya», 1665 va boshqalar), «Adashgan o’g’ilning qaytishi» (taxminan 1668-69) asarida insonga xos anglash, qayg’urish va kechirimlilik hislarini ifodalagan. Rembrandt badiiy merosi o’ta rang-barangligi bilan ajralib turadi.