Rentabellik

Rentabellik (nemischa Rentable — daromadli, foydali) — korxona yoki tadbirkorlikning daromaddorligi, samaradorligi; mikroiqtisodiy miqyosdagi iqtisodiy faoliyatning samaradorligi. Rentabellik korxona yoki tadbirkorlik faoliyatining moliyaviy natijalarini baholashda qo’llaniladigan asosiy ko’rsatkich. Rentabellik foyda olib ishlashning qiyosiy, ya’ni sarf-harajatlarga nisbatan aniqlanadigan ko’rsatkichi bo’lib foizlarda ifodalanadi. Uzoq muddatli va joriy xarajatlar (mashina-uskuna, binolar, inshootlar, xom ashyo, yoqilg’i, materiallar, butlovchi qismlar, ish kuchi va boshqalar sotib olish) mazmunan har xil bo’lganidan ular qanday natija berganligini bilish uchun Rentabellikning 4 ta asosiy ko’rsatkichlari qo’llaniladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida iqtisodiy o’sishning intensiv omillarini kuchaytirish asosida Rentabellikni oshirishga, foydani maksimumlashtirishga zarur shart-sharoitlar yaratiladi. Bozor talab qilgan xaridorgir tovarlarni ishlab chiqarish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, xom ashyo va materiallar sarfini qisqartirish, resurslarni tejabtergab ishlatish asosida joriy xarajatlarni kamaytirish, mehnat unumdorligini muttasil oshirib borish, kapital tarkibini shakllantirish (aylanma kapital), mexnat motivatsiyasini kuchaytirish (ishchi-xizmatchilar mehnatini rag’batlantirish mehnat unumdorligini oshirishga, tejamkorlikni ta’minlashga intilishni paydo etadi) Rentabellikni o’stirishning asosiy omillaridir. Bu omillarni qo’llash korxona darajasida boshqarib boriladi. Shu maqsadda Rentabellik monitoringa yuritiladi. Ahmadjon O’lmasov.