Rentgen astronomiyasi
Rentgen astronomiyasi — astrofizika bo’limi; to’lqin uzunligi 0,1 dan 50 angstremgacha bo’lgan kosmik rentgen nurlanishini tekshiradi. Kosmik asboblarni yer atmosferasi (roentgen nurlarini yutadigan) dan tashqariga chiqaruvchi kosmik texnikaning rivojlanishi Rentgen astronomiyasini vujudga keltirdi. Rentgen nurlanishi birinchi marta 1948 yilda Quyoshni kuzatish vaqtida aniqlangan. Uning rentgen spektrida ko’p marta ionlashgan va temperaturalari 106-107 K bo’lgan elementlarning chizikdari borligi sezilgan Quyosh chaqnaganda rentgen nurlanishi jadalligi keskin ortadi. 1962 yildan Quyosh sistemasidan tashqarida rentgen nurlanishi kuzatildi. Izotrop fonli rentgen nurlari va 500 ga yaqin rentgen nurlarining diskret manbalari kashf etildi. Ular orasida boshqa galaktikalarda kuzatiladiganlari ham bor. Masalan, Andromeda tumanligida 10 ga yaqin rentgen manba kuzatiladi. Bizning Galaktikamizda Galaktika diskida joylashgan 103-104 ta rentgen manbalari kuzatiladi va ularning bir qismi o’ta yangi yulduz qoldiqlari bilan bog’liq. Masalan, Qisqichbaqasimon tumanlik markazida pulsasiyalanish davri 0,033 sekund davom etadigan rentgen pulsarlari topilgan. Qo’shaloq yulduz sistemasiga kiruvchi rentgen manbalari kashf etilgan. Rentgen astronomiyasi osmon jismlarining yaratilishi va evolyutsiyalari masalalarini o’rganish bilan bog’liq bo’lgan koinotdagi faol jarayonlarni tekshirishning yangi samarali yo’nalishidir.