Repin Ilya Efimovich
Repin Ilya Efimovich [1844.24.7 (5.8), Chuguev, hozirgi Xarkov viloyati — 1930.29.9, Kuokkala, Finlyandiya, hozirgi Leningrad viloyatidagi Repino] — rus rassomi, 19-asr realistik san’atining yirik namoyandasi. Peterburg Badiiy Akademiyasida o’qigan (1864-71; 1894-1907 yillar dars bergan, 1898-99 yillar rektor). Rossiya bo’ylab va chet ellarga bir necha bor sayohat qilgan. 1878 yildan peredvijniklar safida. Repinga o’qish davrida I. Kramskoy, tanqidchi V. Stasovlar kuchli ta’sir ko’rsatgan; inqilobiy demokratlar estetikasi bilan tanishgan Repin uning ongli tarafdorlaridan biriga aylandi. Repin ijodi o’zining xalqchilligi, insonparvarligi yuksak g’oyaviyligi va mahorati bilan ajralib turadi. Repindagi kuzatuvchanlik va jo’shqinlik, holat, imo-ishoralardan obrazlarning hissiy tasvirlashda moqirona qo’llash uning asarlarida ko’zga tashlanadi. Ko’p qirrali ijodi (portret, janrli va tarixiy kartinalar, ofort, litografiya, kichik rasmlar)da o’z davrining qarama-qarshiliklarni aks ettirdi, xalqning mashaqqatli turmushi, qudratini tasvirladi: «burlaklar Volga bo’yida» (1870-73, rus muzeyida), «Tavbadan bosh tortish» (1879-85) va «Kutmagandilar» (1884— har ikkalasi ham Tretyakov galereyasida); «Zaporojeliklar turk sultoniga xat yozishmoqda» (1878-91), «Malika Sofya» (1879), «Ivan Grozniy va uning o’g’li Ivan» (1885) kabi asarlarida tarixiy voqealar ta’sirchan ifodalangan; portretlarvda jamiyatdagi turli kishilarning kuchli ijtimoiy va psixologik xarakteristikasi, yorqin tipik obrazlari yaratilgan: «V. Stasov» (1873), «A. F. Pisemskiy» (1880), «M. P. Musorgskiy» (1881), «L. N. Tolstoy» (1887), «I. P. Pavlov» (1924) va boshqalar. Shuningdek, Repinning yuksak mahorati grafikada ham namoyon bo’ldi («Qizaloq Ada», 1882; «Neva prospekta», 1887 va boshqalar), rassom qalami naturani uning bor jozibasi bilan bera olgan. Repin memorial muzeyi bor (1940). Sankt-Peterburgdagi Rassomlik, haykaltaroshlik va me’morlik institutiga Repin nomi berilgan.