Revershon

Revershon — serhosil, o’rtapishar gilos navi. Italiyadan keltirilgan. Daraxti siyrak shox-shabbali, kuchli o’sadi. Barglari yirik (uzunligi 14-19 santimetr, kengligi 8-10 santimetr). Aprelning 2-yarmida gullaydi, guli oq. Mevasi may oyi oxiri — iyun boshlarida pishadi, yirik (o’rtacha vazni 7,3 gramm), keng yuraksimon, rangi to’q qizil, chiroyli. Eti zich, ochkizil, shirin, mazali. Tarkibida 21% quruq modda, 13,17% qand, 0,75% kislota, 13 mg% vitamin S bor. Danagi kattaroq, o’rtacha vazni 0,34 gramm. Revershon. qurg’oqchilikka yuqori sovuqqa o’rtacha chidamli, mahalliy ikdimga yaxshi moslashgan. Ekilganidan keyin 5-yili hosilga kiradi. 10 yoshidan hosildorligi har to’pdan 60— 65 kilogrammga yetadi. Zararkunandalardan deyarli zararlanmaydi, mevasi yangiligida yeyiladi, konserva qilinadi. 1967 yildan O’zbekistonning hamma viloyatlari uchun rayonlashtirilgan.