Rezerv valyuta
Rezerv valyuta — mamlakat hukumati va Markaziy banki valyuta, pul mablag’lari zaxiralarini tashkil etishda, tashqi savdo operatsiyalari va boshqalarda foydalanadigan erkin almashtiriladigan, kurelari bo’yicha g’oyat barqaror chet el valyutalari. Rezerv valyutadan ko’pincha davlatlar o’rtasida xalqaro hisob-kitoblarda hamda tashqi savdo, investitsiya va boshqa operatsiyalar bilan bog’liq to’lovlar uchun foydalaniladi. Rezerv valyuta sifatida faqat erkin almashtiriladigan, istiqbolda barqaror to’lov qobiliyatiga ega valyutalar tanlab olinadi. Rezerv valyuta — Xalqaro valyuta fondi (XVF) Nizomining 8-bandida belgilangan talablarga to’liq javob bera oladigan hamda mazkur fondning kapitalini to’ldirib borish uchun a’zo davlatlar tomonidan to’lovlarni amalga oshirishda foydalaniladigan valyuta turi bo’lishi zarur. Undan tashqari, Rezerv valyuta sifatida jahon iqtisodiyotiga sezilarli ta’sir ko’rsata oladigan, xalqaro iqtisodiy munosabatlarda o’ziga xos mavqega ega mamlakatlarning milliy valyutalari tanlab olinadi. Xalqaro amaliyotda dollar (AQSh), Yevro, Buyuk Britaniya funt sterlingi, Yaponiya ienasi, Shveytsariya frankidan Rezerv valyuta tarzida foydalaniladi. Valyuta kurelaridan ko’rilishi mumkin bo’lgan zararlar bo’yicha xatarlarning oldini olish maqsadida Markaziy banklar hukumat tasarrufidagi oltin-valyuta zaxiralarini turli valyutalar bo’yicha diversifiktasiya qilishda aynan Rezerv valyutaga (Masalan, AQSh dollariga) asoslanadi. Abdurahmat Boymurodov.