Rishton

Rishton — Farg’ona viloyati Rishton tumanidagi shahar (1977 yildan). Tumanning ma’muriy markazi. Viloyatning g’arbida, So’x daryosining o’ng sohilida, Qo’qon — Farg’ona avtomobil yo’li yoqasida joylashgan. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Furqat (12 kilometr). Rishtondan Farg’onagacha — 52 kilometr. Aholisi 30,9 ming kishi (2003). Aholisi va xo’jaliklari So’x — Shohimardon, Jonobod kanallari va artezian quduqlardan suv oladi. Rishton 18-asrda yirik harbiy va iqtisodiy ahamiyatga ega bo’lgan qal’a. Bu yerda Xitoy, Hindiston, keyinchalik rus savdogarlari to’xtab o’tganlar. Rishtonda qadimdan kulolchilik rivojlangan. Mashhur Rishton kulollarining mahsulotlari Sharq bozorlarida juda xaridorgir bo’lgan. Hozirgi kunda ham Rishton ustalari tomonidan ishlangan sopol lagan, shokosa, ko’zalar va sopoldan ishlangan badiiy buyumlar respublikadan tashqarida ham mashhur. Rishtonda yigiruv to’quv fabrikasi, MTP, badiiy kulolchilik buyumlari zdi va yuzlab xususiy kulolchilik kichik tsexlari, 3 mingdan ziyod yakka tartibdagi hunarmandlar, O’zbekiston Ba tasarrufida «Usto Abdullo» korxonasi ishlab turibdi. Dehqon va buyum bozorlari faoliyat ko’rsatadi. Shaharda 6 umumiy ta’lim maktabi, 2 kasb-hunar kolleji, 1 litsey bor. Tuman hokimiyati binosi, davlat va ma’muriy tashkilotlar, 2 madaniyat uyi, Markaziy stadion, Markaziy kasalxona, 2 poliklinika va boshqa tibbiy muassasalar, bir qancha savdo, madaniy xizmat ko’rsatish shoxobchalari mavjud. Burhoniddin Marg’inoniy Rishtonda tavallud topgan (shahardagi «Chinigaron qabristonida uning ramziy maqbarasi barpo etilgan).