Ritmlar, ritmlilik
Ritmlar, ritmlilik – tabiiy hodisa va jarayonlarning muayyan vaqt davomida takrorlanib turishi. Ritmlar davriy va siklli bo`ladi. Davriy ritmlar hodisa va jarayonlarning aniq bir (deyarli teng) vaqt davomida takrorlanib turishini, siklli ritmlar esa turli muddatda takrorlanib turishini aks ettiradi. Davriy ritmlarga – kun bilan tunning, yil fasllarining almashinishi, siklli ritmlarga esa iqlim tebranishlari (o`rtacha har 2-3, 5-6, 11, 22-23, 30-35, 80-90 yilda va h.k.), ko`l suvlari sathining tebranishlari, muzliklarning bosib kelishi va qaytishi misoldir. Ritmlar geografik qobiq rivojlanishining muhim qonuniyatlaridan biri bo`lib, ularni o`rganish tabiiy hodisa va jarayonlarni bashorat qilishda muhim ahamiyatga ega. Landshaftlar bir-biridan tarkibi va strukturasi jihatdangina emas, balki ulardagi jarayonlarning ritmikasi xarakteri bilan ham ajralib turadi.