Rodop tog’lari

Rodop tog’lari — Bolqon yarim orolidagi tog’lar. Bolgariya va Gretsiyada. Uzunligi 240 kilometr. Eng baland joyi 2191 metr. Sharqqa tomon pasayib borgan bir qator tog’ massivlaridan iborat. Ohaktosh, qumtosh, kristalli va vulkan jinslaridan tuzilgan. Yillik yog’in g’arbida 1000 mm gacha, Sharqiy qismida 650 mm. Daryolari serostona, gidroenergiya zaxiralariga boy, GES, suv omborlari qurilgan. Yon bag’irlarining quyi qismida butazorlar, shimoliy yon bag’irlarida keng bargli va igna bargli o’rmonlar, 1800-2000 metrdan balandda subalp o’tloqlari bor. Rodop tog’larining g’arbiy qismida o’rmonchilik rivojlangan. Sharqiy Rodop tog’larida tamaki plantasiyalari, tokzorlar barpo qilingan. Foydali qazilmalardan temir, xrom, polimetall rudalari uchraydi. Mineral suvli buloqlar bor. Balneologik va iqlim kurorti ko’p. Turizm rivojlangan.