Rung, runglar

Rung, runglar — turkiy xalqlarning qadimgi Xitoy manbalaridagi nomi. Dastlab miloddan avvalgi 2-ming yillikka oid manbalarda qayd etilgan. Rung etnonimini yozish uchun qo’llanilgan ieroglif «odam», «jangchilar» kabi ma’noni anglatgan. Miloddan avvalgi 15-8-asrlarga oid Xitoy manbalarida Rung kuyrung (guyrung, kunrung yoki kun chiqar tomondagi Rung), Shurung (g’arbiy Rung) kabi qismlarga bo’lingan. Keyinchalik shim. dagi turklar rungdi yoki dirung (turk jangchilari) deb nomlana boshlangan. Miloddan avvalgi 2-asrda yozilgan «Shiji» («tarixiy xotiralar») asarining shiya xonlari (taxminan miloddan avvalgi 2197-1766 yil) tazkirasida g’arbiy Rungning Kunlun, Shichji, Chuso’v, Chjipi kabi 4 xonligi borligi ko’rsatilgan. Keyinchalik Dali, Yichu kabi g’arbiy Rung davlatlarining to 3-asrga qadar Gansu (Kengsu) o’lkasida mavjud bo’lganligi aytilgan. Rung Di, (turk jangchilari) atamasi miloddan avvalgi 4-asrdan iste’moldan chiqib «Xu» atamasi ishlatilgan. Hunlar xoqonligi tashkil topgach, shimolda yashagan xular, ya’ni Rungdilar «hun» («shyunnu», «syunnu») deb nomlangan.