Rus-tuzem maktablari

Rus-tuzem maktablari (ruscha tuzemes — mahalliy aholi) — Turkistonda Oktabr to’ntarishiga qadar mahalliy aholi bolalari uchun ochilgan boshlang’ich rus maktablari. Uni ochishdan asosiy maqsad o’lkani ruslashtirish edi. Turkiston general-gubernatori K.P. fon Kaufman «musulmon va rus maktablarining ajralib turishi»ni iqtisodiy va siyosiy jihatdan zararli deb hisobladi. Bu g’oyani Kaufmanning izdoshi general-leytenant N.O. Rozenbax davom ettirib, ibtidoiy turdagi yangi maktablar — Rus-tuzem maktablari tarmog’ini yaratish loyihasini ishlab chiqdi. Birinchi rustuzem maktabi 1884 yil 19 dekabrda Toshkentda ochilgan. Unda 41 bola o’qigan. 1891 yil Xivada, 1894 yil Buxoroda ham ochilgan. Ularning soni 19-asr oxirida 100 dan oshgan. Rus-tuzem maktablarida ta’lim muddati 4 yil bo’lgan. Rus-tuzem maktablari ruscha va mahalliy sinflarga bo’lingan. Rus tili, o’qish, yozish, hisob, geometriya, tarix, boshlang’ich o’zbek tili, arab tili va Islom dini asoslari o’qitilgan. Rus tili, hisob, yozuv, geom., tarix darslarini rus o’qituvchisi, o’zbek tili, arab tili, Islom dini asoslarini o’zbek muallimi o’qitgan. Saidrasul Saidazizovning «Ustodi avval» (1902), Aliasqar Kalininning «muallimi soniy» (1903), S.M.Grameniskiyning 3 qismdan iborat o’qish kitoblari Rus-tuzem maktablari o’quvchilarining asosiy darsliklari bo’lgan. Ayrim Rus-tuzem maktablari qoshida kattalar uchun (rus grammatikasi asosini o’rgatish maqsadida) kechki maktablar, ko’chmanchi aholi uchun esa internatlar tashkil kilingan. Keyinchalik 2 yillik va ayollar uchun ham Rus-tuzem maktablari ochilgan. Rus-tuzem maktablari mahalliy aholining bir qismiga o’sha davr uchun ilg’or bo’lgan madaniyat yutuqlaridan baxramand bo’lish imkonini yaratgan.