Samarqand territoriyasida odamzod hayotining eng qadimgi izlari

Samarqand shahri territoriyasi va uning atrof rayonlari juda qadimgi zamonlardan inson ajdodining makoni bo’lib keldi. Ularning dastlabki izlari neandertal odami davriga mansub bo’lib, odamlarning bu territoriyaga juda erta kelib o’rnashishiga uning tabiiy sharoitlari: Zarafshon tizma tog’i daralaridan oqib chiqadigan soy va jilg’alar, jar va chuqurliklardan qaynab chiqqan buloq va chashmalarning serobligi sabab bo’lgan.

1947 yilda Samarqanddan 43 kilometr janubroqda, Taxtaqoracha dovoni yaqinida Omonqo’ton quyi qishlog’idagi Bulbulzorsoyda Omonqo’ton g’ori topildi. Mustye davriga oid bu g’or ibtidoiy odamlar yashagan makondir.

G’orda yashagan odamlarning mehnat qurollari kvarts diorite va chaqmoqtoshdan yasalgan dag’al qirg’ichlar, tig’i qirrali qo’pol qichoqlar, nayzasimon tosh qurollar va diskasimon nucleus (tosh o’zak) lardan iborat.

Omonqo’tonda haybonlarning kuygan mayda suyak bo’laklari, kulga to’la o’choqsimon chuqurlar ochildi. Ohaktosh yuzaidagi tabiiy chuqurlardan o’choq sifatida foydalanilgan, ularning atrofidan esa tosh qurollar topildi.

G’orning inson faoliyati tufayli paydo bo’lgan madaniy qatlamida hayvon suyaklarining bo’laklari ko’plab uchraydi: suyaklar uzunasiga yorilgan, ularda olovda kuygan izlar bor. Suyak qoldiqlariga qarab fikr yuritilganida, odamlar asosan Osiyo arxari, shuningdek, qo’ng’ir ayiq, morol va boshqa hayvonlarni ovlaganlar.

Samarqanddan 50 kilometrcha janubi-sharqda, Taxtaqaracha dovoni rayonida, dengiz sathidan qariyb 200 metr balandlikda joylashgan Taqaliqsoy g’ori mustye zamonidagi yana bir yodgorlikdir. Taqaliqsoy g’ori ham karst tipida bo’lib, Omonqo’ton g’ori singari marmarlashib qolgan ohaktosh massivida vujudga kelgan. G’or maydonchasini shurflash vaqtida 0.25-0.40 metr chuqurlikda hayvonlarning mayda va parchalangan suyaklari, ko’mir bo’laklari hamda bir qancha tosh buyumlar topildi. Ibtidoiy ovchila Taqaliqsoy g’orida Omonqo’tonga nisbatan ancha keyinroq yashagan.

Samarqandda yashagan eng qadimiy aholining xo’jaliklari nihoyatda ibtidoiy bo’lgan. V.I.Lenin aytganidek, ibtidoiy odam tirikchilik qiyinchiliklari, tabiat kuchlari bilan kurash qiyinchiliklari oldida mutlaqo ojiz edi.

Bundan oldingi davrlardagi singari mustye davrida ham ijtimoiy guruhlar, oila bo’lmagan, aholi hali insoniyat taraqqiyotining ibtidoiy poda holatida edi. Ana shu davrning oxiridagina urug’chilik tuzumining va totemistic tasavvurlarning dastlabki kurtaklari paydo bo’lib, ular insoniyat taraqqiyotining bundan keyingi bosqichida rivoj topadi va shakllanadi.

F.Engels insoniyat tarixining bu ilk davrini “Inson urug’ining bolaligi” deb atagan. Bundan keyin ulg’ayish davri, urug’chilik tuzumi boshlanadi, uning moddiy-madaniy qoldiqlari hozirgi shahar territoriyasida ham uchraydi. Shundan keyin ancha mukammal tosh qurollar paydo bo’ladi, ularni ishlash texnikasi yaxshilanadi.

1939 yilda Samarqandda ilk urug’chilik jamoasiga mansub yuqori poleolit makoni topildi. Bu makon 1958 yildan boshlab hozirga qadar o’rganilmoqda.

Makon Samarqandning markazida, qadimiy Siyobcha soyining o’ng qirg’og’ida, hozirgi Komsomol ko’li barpo etilgan joyda topilgan. Madaniy qoldiqlar sarg’ish sog’tuproqda joylashgan bo’lib, u geologik jihatdan Mirzacho’l tsikli deb atalgan davrning ikkinchi yarmiga to’g’ri keladi.

Arxeologik qazishmalar vaqtida ko’p miqdorda qadimgi hayvon va o’simlik qoldiqlari, gulxan qoldiqlari (ko’mir qoldiqlari to’plangan joylar) topildi, ibtidoiy odamlar tomonidan tayyorlangan 7.5 mingga yaqin tosh qurollar (bolg’a o’rnida ishlatilgan tosh ushatgichlar, plastinka va tosh parchalari sindirib olingan nukleuslar) topildi. Chaqmoqtosh va dioritdan yasalgan turli kattalikdagi “sandonlar” ayniqsa diqqatga sazovordir. Bularda tosh qurollar kertilgan. Yasalib tugallanmagan qurollar (yarim fabrikatlar) va ko’pgina chaqmoqtosh parchalari ham topildi. Qurollar asosan yuqori sifatli chaqmoqtoshdan, shuningdek, xaltsedon, amfibolit, rogovik, diorit va boshqa tog’ jinslaridan tayyorlangan. Tosh qurollar xom ashyosi makondan taxminan 8 kilometrcha Shimolda joylashgan Cho’ponota rayonida keltirilgan. Makonda chaqmoqtoshli slanets “xom ashyo”sidan yasalgan qurollar ham uchraydi. Bunday “xom ashyo” Ulug’bek rasadxonasi yaqinida juda ko’pdir.

Xilma-xil qurollar: qirg’ichlar, keskichlar, sixchalar, pichoqlar, chopqilar, diskasimon sanchkilar, ushatg’ichlar, boltalar, shuningdek hayvon terilarini shilish uchun mo’ljallangan juda mayda chaqmoqtoshdan qilingan yupqa plastinkalar topildi. Bular ichida hayvon terilarini ishlash uchun mo’ljallangan qirg’ichlar va suyakdan yasaladigan buyumlarni ishlash uchun mo’ljallangan keskichlar diqqatga sazovordir.

Qurollar orasida chetlari botiq tig’li tosh parrakchalar alohida ajralib turadi. Qadimgi odamlar bular yordamida yog’och buyumlarni randalanganlar. Samarqand makonida topilgan ko’pgina qurollar mustye davri qurollariga o’xshab ketadi. Ayniqsa chaqmoqtosh, xaltsedon va dioritdan ishlangan va yirik nukleuslardan uchirib olingan keng parrakchalar shular jumlasidandir. Bu tosh “pichoqlar” yordamida qadimgi odamlar go’sht maydalaganlar.

Chaqmoqtosh va dioritdan yasalgan katta-kichik boltalar ayniqsa zo’r qiziqish tug’diradi. Chaqmoqtoshdan yasalgan ba’zi boltachalar qayroq toshlardan ishlangan katta boltalarga o’xshab ketadi. Boltalarning tig’lari bir yoki ikki tomondan kertib ishlangan; og’irligi bir necha kilogramm keladigan katta boltalarning tig’lari ulkan sandonlarda chaqmoqtoshdan yasalgan og’ir ushatg’ichlar yordamida ishlangan. Yog’och dastalarga mahkamlangan bunday boltalar bilan diametric 10 santimetr va undan yo’g’onroq bo’lgan daraxtlarni bemalol yorish mumkin. Ibtidoiy ustalar bolta yasash uchun pishiq va yopishqoq jinslarni tanlab olganlar. Shunday bolatalardan biri (uzunligi 16 santimetr) qurol yasaladigan joyning o’zida topilgan. Uning atrofidan boltaning assimetrik tig’ini kertish vaqtida hosil bo’lgan mayda tosh parchalari ham topilgandir.

Qadimgi samarqandliklarning tosh qurollari ichida tesha vazifasini o’tovchi oval tig’li tosh yo’ng’ichlar ham uchraydi. Ular aniq formadagi neolit davri tosh yo’ng’ichlarining prototipi edi.

Samarqandning boshqa joylarida ham yuqori paleolit davriga taalluqli bo’lgan tosh qurollari topilgan: Ovrajnaya ko’chasida chaqmoqtoshdan yasalgan mustye davri nayzasimon tosh quroli, Voykova ko’chasida materiali jihatidan Samarqand makonida uchratilgan chaqmoqtosh parchalariga o’xshash juda ko’p chaqmoqtosh parchalari, Dahbet ko’chasida esa yashil chaqmoqtosh qayrog’idan yasalgan qirg’ich topilgan.

Samarqand poleolit makonida qazishmalar o’tkazilgan vaqtda yovvoyi hayvonlarning suyaklari topilgan. Ularning aksar qismi sindirilgan va kuydirilgandir. Zoti jihatidan Prjevalskiy otlariga yaqin bo’lgan qadimiy otlarning ko’pgina suyaklari topilgan. To’rtlamchi davrga oid yovvoyi tuya, turli xil bug’u suyaklari, shu jumladan, shoxlar, shuningdek, Eron bilan Afg’onistonga yondashgan Qoraqumning Badxiz qo’rig’ida hozir ham uchrab turadigan pleystotsen davri yovvoyi eshagining ko’plab suyaklari topilgan. Topilgan nayza va sanchqi uchlari o’sha davr odamlarining baliq ovlash bilan shug’ullanganligidan dalolat beradi.

Bu yerda ibtidoiy odamlar yasagan chaylalarning izlari uchraydi. Avvallari qora osti g’orlar va ungurlar ibtidoiy ovchilar uchun asosiy boshpana bo’lib xizmat qilgan. Endilikda yuqori paleolit davridan boshlab ibtidoiy odam “g’ordan chiqib”, o’zi uchun turar-joy qura boshlaydi. Natijada odamlar birgina tog’li rayonlarda emas, balki tekisliklarda, kichik daryo va ko’llarning sohillarida ham yangi territoriyalarni o’zlashtira boshladilar.

Samarqand makonida topilgan chayla izlarining maydoni 100 kvadrat metrdan ko’proq bo’lib, u deyarli to’g’ri burchak shaklidir. Chayla soy bo’yiga joylashgan va ibtidoiy odamlarning kundalik hayoti shu soy sohilida ovchilik bilan o’tgan.

Chayla o’rnida xo’jalik maqsadlari uchun ishlatilgan katta gulxanlarning qoldiqlari, tosh qurollar tayyorlaydigan maydonchalar bor: chayla ustunlarining qoldiqlari saqlangan.

Mustye davri neandertal odamining o’rnini hozirgi zamon odamining bevosita ajdodi bo’lgan yuqori paleolit davri kromanon odami egalladi. Kromanon qiyofasidagi odamlarning suyak qoldiqlari Samarqand makonida ham topildi. Chunonchi, 1962 yilda arxeologik qazishmalar o’tkazilgan vaqtda 3 metr 20 santimetr chuqurlikda minerallashgan pastki jag’ suyagi to’qqizta tish bilan birga topildi. Uning yonida odam qo’l suyagining bo’laklari yotardi. Antropologlar bu jag’ suyagi 25 yoshlardagi ayolniki bo’lsa kerak deb taxmin qilmoqdalar.

1966 yili bu yerdan 2 metr 80 santimetr chuqurlikda odamning o’nta tishi bilan pastki jag’ suyagi topildi. Olimlarning taxminiy xulosalariga ko’ra, bu jag’ suyagi tuzilishi jihatidan dastlabki jag’ suyagiga yaqin bo’lib, aftidan 35 yoshlardagi ayolga mansub bo’lsa kerak. 1967 yilda o’tkazilgan qazishmalar vaqtida bolaning oziq tishi va pastki jag’i topildi.

1964 yilda yomon saqlangan hayvon qovurg’asi topildi. Unga ibtidoiy odam tomonidan beshta maxsus belgi chizilgan. 1964 yilda 2 metr 55 santimetr chuqurlikda maxsus teshikli dengiz chig’anog’i topilgan. U zebi ziynat buyumi bo’lib, bunday chig’anoqlar Hind okeani, Qizil dengiz va Fors qo’ltig’i tropik zonalarida uchraydi. 1965 yilda ana shunday chig’anoq Samarqandning Dahbet ko’chasida 6 metr chuqurlikda ham topildi. Ilgarilari bu yerda yuqori poleolit davriga mansub bo’lgan va chaqmoqtoshdan yasalgan qurollar ham topilgan edi. Bu esa qadimiy zamonlarda O’rta Osiy qabilalari bilan Hind okeani sohillaridagi qabilalari o’rtasida qandaydir aloqa bo’lganligi va bu chig’aoqlar esa Samarqand territoriyasiga mahsulot ayirboshlash natijasida kelib qolganligi haqida ma’lumot beradi.

Qadimiy odamning zebi-ziynat buyumlari 1965 yilda Samarqand makonini qazish vaqtida ham topilgan. Jumladan, tuxumsimon shakldagi silliqlangan sakkizta danakcha topilgan bo’lib, ulardan birining teshigi bor. 1966 yildagi qazishmalar vaqtida ikki tomonlama teshilgan va silliqlangan to’qqizinchi danakcha topildi. Mutaxassislarning fikricha bular qadimgi ayollarning taqinchog’i bo’lgan. 1967 yildaa kattaligi jihatidan bir xil bo’lgan dumaloq shakldagi ikkita yupqa oq qayroq tosh topilgan. Ulardan birining o’rtasida tosh parmasi izlari yaxshi saqlanib qolgan. Bu esa sochga taqadigan va bo’yinga osadigan tosh tumor yasash uchun tayyorlangan bo’lib, u qadimiy odamlarning bezak buyum yasashi uchun mo’ljallangan.

1967 yili makonni qazish vaqtida ajoyib topilma qo’lga kiritildi. Bu madaniy qatlamning yuqori qismida topilib, o’rtasi ishqalangan va aylanasi bo’ylab to’g’ri ingichka chiziqlar tortilgan yupqa dumaloq shakldagi qayroqtosh edi. Toshdagi tasvir ehtimol odamning qadimgi tafakkuri bilan bog’liqdir. Mutaxassislar makonning madaniy qoldiqlarining geologik joylanishi o’rgandilar. Ularning fikricha madaniy qoldiqlari joylashgan soz tuproq geologik yer qatlami – yuqori pleystotsen – Q 3 ga to’g’ri keladi. Bu qatlam esa o’z navbatida Zarafshon, Qashqadaryo va Amudaryo vodiysida hosil bo’lgan so’ngi to’rtlamchi davr yotqiziqlari – II, III sohil usti terrasalariga taalluqlidir.

Paleolit davridan keyin keladigan davrga (mezolit – o’rta tosh asri, neolit – yangi tosh asri, bronza davri) xos bo’lgan buyumlar Samarqand territoriyasining o’zida hozircha topilgani yo’q. Biroq shahar atrofida o’tkazilgan tadqiqotlar keyinchalik bu yerda ham odam yashaganligini ko’rsatdi. Sozog’on va Tim qishloqlarida 2 ta neolit davri manzilgohlari o’rganilgan bo’lib, Samarqanddan 27 kilometr janubi-g’arbda Sozog’onsoy qirg’og’ida joylashgan Sozog’on makoni ayniqsa diqqatga sazovordir. Bu yerda, Zarafshon tizma tog’i yon bag’irlarida hayvonlarni ovlash, baliq tutish va ovqat bo’ladigan o’simliklarni yig’ish yo’li bilan hayot kechirgan, rivoj topgan ona urug’i davrining ibtidoiy odamlari yashagan. U yerdan mikrolitik xarakterga ega bo’lgan va chaqmoqtoshdan yasalgan 600 dan ko’proq mehnat qurollari (pichoqsimon parraklar, qirg’ichlar, randachalar, o’roqlarning qadamlari, bigizlar, nukleuslar, kamon o’qining uchlari va hokazolar) topildi. Bu tosh qurollar miloddan avvalgi uchinchi ming yillikda Zarafshon daryosining etaklaridagi neolit davri manzilgohlaridan topilgan qurollarga o’xshab ketadi. Bu esa Samarqand atrofida yashagan ona urug’i davri odamlarining O’rta Osiyoning boshqa rayonlarida yashagan aholi bilan o’zaro aloqada bo’lganligidan dalolat beradi.

Bronza davrida (miloddan avvalgi ikkinchi ming yillik) bundan ilgarigi davrlar uchun xarakterli bo’lgan asosiy xo’jalik tarmoqlari o’z ahamiyatini yo’qotdi va yangi tarmoqlar – mehnat unumdorligini keskin oshirib yuborgan dehqonchilik va chorvachilik vujudga keladi. Chorvachilik va dehqonchilikning rivoj topishi jamiyatning moddiy bazasini ancha kengaytirdi va turli qabilalar o’rtasida muntazam ravishda ayirboshlash ishlarini olib borish imkonini yaratib berdi. Xo’jalikning ana shu ikki tarmog’i muaayyan territoriyaga sig’maganligi tufayli dastlabki yirik ijtimoiy mehnat taqsimoti ro’y beradi: chorvador qabilalar ajralib chiqadi, natijada ijtimoiy tuzumda ham o’zgarishlar yuz beradi. Matriarxatdan patriarxatga o’tilib, ajralgan holda mustaqil xo’jalik yuritadigan katta-katta patriarxat oilalar paydo bo’ladi.

Samarqand oblastida o’sha davrlar ijtimoiy va iqtisodiy hayotini xarakterlab beruvchi yodgorliklar juda kam. 1959 yilda Kattaqo’rg’on yaqinidagi Novqatepada bronza davri makoni topildi. Novqatepa keyingi davrlarda vayron qilingan qadimgi shahahr xarobasining qoldig’i bo’lib, uning pastki qatlamidan bronza davriga oid bir necha spool bo’laklari, ya’ni boshoqsimon naqshli va parallel chiziqlar bila bitilgan qator mayda uchburchaklar bilan naqsh solingan yassi tubli hurmachalar topildi.

Bronza davrining ikkinchi bir yodgorligi qadimgi qabristondir. U Zarafshonning chap qirg’og’ida tog’ etagidan oqib tushadigan soylardan birining sohiliga o’rnashgan Mo’minobod qishlog’ida (Samarqand yaqinida) joylashgan. Qabriston 1964 va 1966 yillarda o’rganib chiqildi.

Qadimgi qabriston territoriyasida bukchaytirib yakka-yakka dafn qilingan beshta qabr ochildi. Har bir qabrdan uchburchak, qiyshiq va kalta chiziqlar, zich qilib tekis tortilgan va gorizontal joylashgan egri-bugri yoki siniq chiziqli naqshlar bilan bezatilgan spool idishlar topilgan. Ayrim qabrlarda toshdan yasalgan yorg’uchoqlarning bo’laklari topildi.

O’lgan odamlar hayot paytlarida kiyib yurgan kiyimlari bilan dafn qilingan. Ust va bosh kiyimlari zig’ir tolasi ipi bilan qadalgan juda ko’p munchoqlar bilan bezatilgan.

Dafn etilganlar yonidan quloqqa va burunga taqiladigan, oltin suvi yugurtirilgan kumush xalqalar, keng og’izli qo’ng’irsimon jez va tilla ziraklar topildi.

Murdalarning qo’l suyaklarida bir tomoni qavariq, ikkinchi tomoni botiq novsimon jezdan yasalgan ikkita, ba’zilarida uchtadan bilakuzuk bor edi; bilakuzuklarning bir uchi ilon boshini eslatadi. Ba’zi qabrlarda o’rtasi ilmoqli dumaloq yupqa jez oynalar bor edi, qabrlardan birida, hatto suyakdan ishlangan sibizg’a ham topilgan.

Bronza davri Mo’minobod qabristonidan topilgan bu suyak qoldiqlarining antropologik tipi O’rta Osiyoning ancha qadim zamonlarda yashagan aholisi topiga o’xshab ketadi va ularning qon-qarindosh ekanliklaridan dalolat beradi. Moddiy madaniyat buyumlarida aniqlangan o’xshashliklar esa O’rta Osiyo o’troq qabilalari bilan boshqa rayonlarning o’troq qabilalari o’rtasida yaqin madaniy va etnik aloqa bo’lganligini ko’rsatadi.

Bularning hammasi Samarqandning quldoqlik jamiyati vujudga kelguniga qadar bo’lgan eng qadimiy o’tmishini ifodalaydigan buyumlarning dastlabki topildiqlaridir, xolos.