Sayyoralar qanday o’lchamga ega?

Sayyoralar yulduzlardan keskin farq qiladi. Yulduzlar issiqlik va yorug’lik tarqatadigan, issiq gazlardan iborat ulkan sharlardir. Sayyoralar esa nisbatan kichkina osmon jismlari bo’lib, yulduzlardan chiqayotgan nurlarni o’zida aks ettiradi.

Keling, gapni Quyoshga eng yaqin sayyoralardan boshlay qolaylik. Ularning dastlabkisi Merkuriydir. Uning diametri – 4 878 km. Bu ko’rsatkich, taxminan, Atlantika okeanining eniga teng keladi, ya’ni Yer o’lchamining bir bo’lagi, xolos.

Keyingi sayyoralar Venera – Cho’lpondir. Uning o’lchami deyarli Yerniki bilan bir xil. Uning diametri –  12 160 km., Yerniki esa – 12 660 km. Qizig’i shundaki, Cho’lpon teskari, ya’ni Sharqdan G’arbdan qarab aylanadi.

Keyingi sayyora – bizning Yerimiz, undan keyin Mars – Mirrix keladi. Mars qizg’ish rangda ko’rinadi. Uning diametri Yer diametrining yarmidan sal oshiqroq – 6 780 km. Mirrix yuzasining ayrim qismlari Oy manzarasini eslatadi: uning yuzasida ham meteoritlar qulashi natijasida hosil bo’lgan katta-katta kraterlarni ko’rish mumkin. Shuningdek, bu sayyorada ulkan vulqonlar va vodiylar ham mavjudligi uning geologik jihatdan faolligi ehtimoldan xoli emasligini ko’rsatadi.

Yana bir sayyora Yupiter – Mushtariydir, u Quyoshdan ancha olisda joylashgan. Quyosh atrofida 11,9 yilda bir marta aylanib chiqadi. Mushtariy – sayyoralar ichida eng kattasi. Uning diametri 142 800 km.dir, bu Yerning diametridan, taxminan 11 marta katta demakdir.

Saturn – Zuhal ham – katta sayyora. Diametri – 120 800 km. Yer diametridan 9 barobar katta. Zuhalning o’ziga xos xususiyati shundaki, uni bir guruh yassi halqalar o’rab turadi. Bu halqalar milliardlab mayda zarralardan tashkil topgan. Uran sayyorasi ham Yerdan ancha katta. Uran bir chetga qiyalagan: uning o’qi o’z orbitasiga nisbatan 98 gradus burchak ostida qiyadir. (Yer o’qi esa 23,5 gradus burchagiga qiya.) Neptun sayyorasining diametri – 50 000 km. Sayyoralarning so’nggisi Plutondir. Diametri – 3 000 km. U Quyoshdn shu darajada uzoqda joylashganki, Quyosh undan turib qaraganda, yorqin bir yulduz bo’lib ko’rinadi.