Senegal

Senegal — G’arbiy Afrikadagi daryo, Gvineya, Mali, Senegal, Mavritaniya hududlaridan oqadi. Uzunligi Bafing irmog’idan boshlab 1430 kilometr, havzasining maydoni 441 ming km2. Yuqori qismida serostona, sharshara ko’p. Quyi qismida tekislikdan oqadi va Atlantika okeaniga Delta hosil qilib quyiladi. O’rtacha suv sarfi 1500 m3/sekund, sentabr oyida suvi ko’payadi. Sug’orishda foydalaniladi. GESlar qurilgan. Baliq ovlanadi. Kaes shahrigacha kema qatnaydi. Yirik shaharlari: Kaes (Mali), Podor. Matam, Bakel (Senegal) va Senlui porti.