Shamolning tezligi qanday o’lchanadi?

Shamol esayotganda sizga uying tezligi juda yuqoriday tuyulishi mumkin. Keyinchalik ob-havo ma’lumotini eshitganingizda, «shamol tezligi sekundiga 10-15 metrni tashkil etgani»ni bilib olasiz. Shamol tezligi bizni chalg’itishi hech gap emas. Ammo ayrim kishilar uchun shamol tezligini aniq bilib olish muhim ahamiyatga ega, shuning uchun ham bu tezlikni o’lchaydigan ilmiy usullar bor.

Ilk shamol tezligini o’lchash asbobini angliyalik Robert Xuk 1667 yili kashf etgan. Uning oti — anemometr. Anemometrning turlari ko’p, ammo bir o’qqa o’rnatilgan bir necha alyuminiy chashka (yarimshar shaklidagi predmet)dan iborat asbob keng tarqalgan. Ular o’qqa erkin o’rnatilgan bo’lib, shamol qancha kuchli essa, shuncha tez aylanadi. Chashkalarning ma’lum bir vaqt ichida necha marta aylanganini sanab, shamolning tezligini hisoblab chiqish mumkin.

Odamlar uchishni o’rganganlaridan so’ng atmosfera balandliklaridagi shamol tezligini o’lchash zarurati tug’ildi. Shu maqsadda havo sharlari uchirilar va ular «teodolit» deb ataluvchi maxsus optik asbob yordamida kuzatilar edi. Ammo osmonni bulut qoplab, shar ko’rinmay qolganida kuzatuv ishlarini yuritish mumkin bo’lmay qolar edi. 1941 yili metereologik radar kashf etildi. Endilikda ushbu radar sharning harakatini bulutlar ortidan kuzatishi hamda atmosferaning yuqori qatlamlaridagi shamol tezligini o’lchashi mumkin. Odamlar shamol qaysi tomonga esayotganini bilishga qadim zamonlardan beri qiziqadi. Meloddan avvalgi 900 yilda cherkovlarning shpiliga shamolning yo’nalishini ko’rsatib turishi uchun flyugerlar o’rnatilgan.