Shialik
Shialik (Arabcha — guruh, tarafdorlar) — islomdagi 2 asosiy yo’nalishdan biri. O’zining tarqalishi va tarafdorlarining miqdori jihatidan sunniylikdan keyingi o’rinda turadi. Jahondagi barcha musulmonlarning taxminan 7% Shialikka mansub (2004). Shialik 7-asr o’rtalarida islom jamoasi ichida oliy hokimiyat masalasida paydo bo’lgan ixtilof natijasida vujudga kelgan. Shia so’zining to’liq shakli «shi’at Ali» («Ali partiyasi») bo’lib, bu nom Ali ibn Abu Tolib va uning avlodlariga ergashganlarga nisbatan berilgan. 7-asr oxirlariga kelib Iroq va Eronda keng tarqalgan va islomdagi mustaqil yo’nalishga aylangan. Shialik avval faqat siyosiy harakat sifatida shakllangan bo’lsada, keyinchalik aqidaviy va fiqhiy masalalarda turli o’ziga xos jihatlar paydo bo’ldi. Buning natijasida Shialik ham mustaqil oqim sifatida faoliyat ko’rsata boshladi. Shialikda musulmonlar jamoasi yoki davlatida faqat Muhammad (sav) avlodi (Ali va Fotimadan tarqalgan avlodlari) hukmron bo’lish huquqiga ega deb hisoblanadi. Ularning ta’limotiga ko’ra, rahbar jamoa tomonidan saylanmay, rahbarlik meros sifatida o’tadi. Imomlik payg’ambarlik kabi ilohiy mansab hisoblanadi. Shialikka ko’ra, payg’ambar vafotidan keyin xalifalikka haqli kishi Ali bo’lgan, Abu Bakr, Umar va Usmon esa bu huquqni undan zo’rlik bilan tortib olishgan. Shialik tarafdorlari (shialar) sunniylar kabi Qur’onni ilohiy deb e’tirof etadi, lekin ularning ayrim o’ta reaktsion ruhdagi vakillari xalifalar davrida Qur’onning ayrim qismlari tushirib qoldirilgan deb hisoblaydi. Shialik ilohiyotchilari Qur’onning mazmunini majoziy sharhlash orqali o’z ta’limotlarini asoslaydi. Ular faqat Ali va uning avlodlari tomonidan rivoyat qilingan hadislarni tan oladi. Bunday hadislardan iborat to’plam tuzilib, u Axbor deb atalgan. Shialikda 8 ta aqidaga e’tiqod qilinadi. Bular — tavhid (Allohning yagonaligini e’tirof etish), adl (adolat, Allohning odilligi, ya’ni taqdir aqidasi), nubuvvat (payg’ambarlik), imomat (imomlik — imomlar hokimiyatini e’tirof etish), Amri Ma’ruf (yaxshilikka buyurish), Nahyi munkar (yomonlikdan qaytarish), tavallo (Alloh do’stlarini do’st tutish), tabarro (Alloh dushmanlaridan uzoqlanish). Shialikda Ali va uning avlodlaridan iborat o’n ikki Imom hokimiyati tan olinadi. 874-878 yillar orasida 7-9 yoshida bedarak yo’qolgan 12- Imom Muhammad al-Mahdiyni shialar «yashiringan» hisoblaydi, zamona oxir bo’lganda uning qaytib kelishini va adolat o’rnatishini kutadi (imomi Mahdiy, imomi oxir zamon). Shialikda 12 imomlik (isnoashariya) Ali ibn Abu Tolibdan boshlanib, uning Fotimadan bo’lgan o’g’illari Hasan va Husaynga o’tadi va Muhammad al-Mahdiyga borib tugaydi. Shuning uchun Shialikdagi isnoashariylar firqasi «o’n ikki imomni e’tirof qiluvchilar», deb nomlangan. Isnoashariylarning ba’zilari Alini Payg’ambardan afzal deb e’tiqod qiladilar hamda Ali va uning 11 avlodi insonlarga rizq berib turadi, deb hisoblaydilar. Ular ning fikricha, Ali va uning avlodlari Payg’ambardan keyingi Allohning hujjatlaridir. Ularning buyruqlari, taqiqlari Payg’ambarning buyrug’i, taqiqidir, ularga itoat qilish — Payg’ambarga itoat qilishdir, ularga bo’ysunmaslik — Payg’ambarga isyon qilishdir. Ularning jasadlari nuroniyliklari sababli qabrlarda chirimaydi yoki ba’zilarining e’tiqodiga ko’ra, osmonga ko’tariladi. Shialar sunniylar kabi Makka va Madinani muqaddas hisoblash bilan birga, Karbalo, Najaf shahrilarida joylashgan Shialik imomlari qabrlarini ham ziyorat qiladi. Shialikda 1 ta diniy-huquqiy mazhab — ja’fariylik mavjud. Shialar Imom Husaynga motam tutadi, «shaxseyvaxsey» deb nom olgan motam yurishlari o’tkazadi va hokazolar. O’rta asrlarda Shialik ichida ixtiloflar yuz bergan, natijada ko’p firqalar vujudga kelgan. Bulardan zaydiylar, ismoiliylar, ibodiylar va boshqalar hozir ham mavjud. Shialik hozirgi vaqtda Eronda hukmron e’tiqod hisoblandi. Iroq, Suriya, Livan, Afg’oniston, Hindiston va Pokistonda shialar bor. Ozarbayjon va Tojikistonda (Pomirda ismoiliylar) aholining muayyan qismi Shialikka e’tiqod qiladi. Samarqand va Buxoroda shia jamoalari mavjud.